Mazkur tadbir qadimiy va hamisha navqiron Samarqand viloyatida ham yuqori saviyada tashkil etildi. 28-may kuni koʻhna kentning Registon maydonida “Moʻynoqqa madad ekologik xayriya velomarafonining Samarqand viloyatida oʻtkaziladigan bosqichining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

Unda soʻzga chiqqanlar mazkur ekologik xayriya velomarafonining oʻtkazilishidan asosiy maqsad Orolboʻyi xududida yashayotgan aholining turmush sharoitlarini yaxshilashga koʻmaklashish maqsadida korxona va tashkilotlar, tadbirkorlar va faol fuqarolarning ixtiyoriylik asosida xayriya va xomiylik mablagʻlarini jalb etishdan iborat ekanini taʼkidladi.

Qayd etish kerakki, xayriya marafonidan tushgan mablagʻlar Moʻynoq tumanidagi “Aliovul” ovulini obod qilish, sugʻorish-irrigatsiya tizimlarini yaxshilash, toza ichimlik suvi tarmogʻini tortish, ish oʻrinlari yaratish va aholining boshqa muammolarini hal etish boʻyicha chora-tadbirlarni moliyalashtirishga yoʻnaltiriladi.

Shundan soʻng ekologik xayriya velomarafonning vilolyat bosqichiga start berildi. Ikki kunga moʻljallangan velomarafonning ilk kunida marafonchilar 55 kilometr masofani bosib oʻtishadi).

Shu kuni, Samarqand shahridagi “Nurafshon” madaniyat saroyida “Moʻynoqqa madad” velomarafon ishtirokchilari va keng jamoatchilik uchun xayriya konsertini tashkil etildi.

Marafonning ikkinchi kuni ekovelomarafon ishtirokchilari Registon-Maxdumi Aʼzam ziyoratgohi yoʻnalishidagi 50 kilometr masofani bosib oʻtdi.

Shuningdek, ekologik xayriya velomarafon davomida ishtirokchilar Samarqand shahridagi Ulugʻbek rasadxonasi, Xoʻja Doniyor, Afrosiyob muzeyi, Hazrati Xizr, Shohi Zinda majmualarida, “Bibixonim” masjidi, “Registon” ansambli, Amir Temur maqbaralarida boʻlishdi.

Oʻzbekiston Ekologik partiyasi, Turizm va sport vazirligi, Velosiped sporti Federatsiyasi, Davlat Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish qoʻmitasi hamkorligida oʻtkazilayotgan “Moʻynoqqa madad” ekologik xayriya velomarafonining Samarqqand viloyati bosqichi koʻtaringki kayfiyatda oʻtdi. Viloyat bosqichi gʻoliblari, tadbirni tashkil etishda faollik koʻrsatgan masʼullar tashkilotchilar tomonidan esdalik sovgʻalari hamda faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi.

Tantanali marosimida yangragan kuy va qoʻshiqlar yigʻilganlarga yana-da koʻtarinki kayfiyat ulashdi.