Viloyat IIB YHXB axborot xizmatining xabariga koʻra, hodisa 2023-yil 18-dekabr kuni soat 17:25 larda Samarqand tumani “Ravonak” MFY hududidan oʻtuvchi ichki yoʻlda sodir boʻlgan.
Yoʻlni kesib oʻtayotgan 2011-yilda tugʻilgan 7-sinf oʻquvchisini davlat raqami 30 O 641 AB boʻlgan Gentra urib yuborgan va haydovchi voqea joyidan ketib qolgan.
Oqibatda, maktab oʻquvchisi tan jarohati olib, tuman tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan. YPX xodimlari tomonidan olib borilgan surishtiruv davomida haydovchi va transport vositasi topilgan.
Uddaburon oʻquvchi YTH sodir etgandan soʻng darrov borib mashinasining shikastlangan joylarini taʼmirlashga ham ulgurgan.
Maʼlum boʻlishicha, Gentra boshqaruvida 2008-yilda tugʻilgan oʻsmir boʻlgan. U onasiga tegishli mashinani soʻramasdan minib chiqqan.
Biroq viloyat IIB YHXB axborot xizmati tayyorlagan videoda hodisa yuzasidan maktabda oʻtkazilgan yigʻilishda oʻsmirning onasi “Hech kim koʻchaga odam urib yuboraman deb mashina minib chiqmaydi-ku!” deb bolasining tarafini olganini koʻrish mumkin.
Hozirda holat yuzasidan Samarqand tumani IIB tomonidan dastlabki surishtiruv ishlari olib borilmoqda.