Tuman markazidan qishloqlargacha infratuzilma tobora takomillashyapti. Bunyodkorlik ishlari barobarida aholining dunyoqarashi va hayot tarzida ham oʻzgarishlar roʻy bermoqda. Xalqimizning kundan kunga oʻsib borayotgan talab va ehtiyojlarini toʻla qondirish, odamlarni hayotdan rozi qilish borasidagi bunday xayrli ishlarni izchil davom ettirish va yanada yangi bosqichga koʻtarish jamiyatimiz oldida turgan dolzarb vazifadir. Bu borada aholi bilan muloqotning samarali mexanizmlari yoʻlga qoʻyilgani va tobora takomillashib borayotgani quvonarli.

Jumladan, aholi orasiga kirib, xalq bilan bevosita muloqot qilish maqsadida vazirliklar, idoralar va turli davlat tashkilotlari, mahalliy hokimliklar rahbarlarining joylarda ommaviy qabullari tashkil etilayotgani inson huquqlarini taʼminlash va xalqimiz farovon turmush kechirishi uchun munosib sharoit yaratishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu chora-tadbirlar “Xalq davlat idoralariga emas, balki, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak” degan ezgu tamoyilni roʻyobga chiqarishga zamin yaratmoqda.

Prezident Xalq qabulxonalari Samarqand viloyatida tashkil etgan ommaviy qabullar ana shunday muhim tadbirlardan boʻldi. “Inson qadri uchun!” gʻoyasi asosida oʻtgan ommaviy qabullarda Oliy sud, Sudyalar oliy kengashi, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi va boshqa idoralar rahbarlari ishtirok etdi.

Ommaviy qabul davomida Bosh prokuratura masʼullari 325 masalaning 194 tasiga yechim topdi. Murojaatlarning asosiy qismini tadbirkorlik, tergov-surishtiruv, sud qarorlari ijrosi, ijtimoiy himoya, uy-joy va moddiy yordam ajratish kabi masalalar tashkil etdi. Murojaatlar asosida issiqxona qurish, avtomobillarga texnik xizmat koʻrsatish hamda boshqa yoʻnalishlar boʻyicha oilaviy tadbirkorlikni boshlash istagida boʻlganlarga imtiyozli kredit ajratildi. Masalan, pastdargʻomlik Sarvinoz Ergashevaga parrandachilik uchun 13 million, Adolat Sanayevaga chorvachilikni rivojlantirishi uchun 30 million soʻm imtiyozli kredit ajratildi.

Urgut tumani Yuqori Sanchqul mahallasida yashovchi Oybek Tursunqulovning murojaatidan soʻng unga issiqxona qurishi uchun 32 million soʻm kredit beriladigan boʻldi. Bu masala ikkinchi sektor va hokim yordamchisi hamkorligida hal qilindi. Tayloq tumani Xoʻjaqishloq mahallasidan qabulga kelgan Umrqul Umarovning ham xuddi shunday murojaati asosida tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish uchun 30 million soʻm kredit olish masalasi yechim topdi.

— Oilaviy korxonamizda gipsdan qurilish ashyolari ishlab chiqaramiz, — deydi Umrqul Umarov. — Ish faoliyatimni kengaytirish uchun kredit soʻrab bankka hujjat topshirgan edim. Biroq murojaatim hal boʻlishi choʻzilib ketdi. Shu sababli ommaviy qabulga keldim. Bu yerda shikoyatim tinglanib, tezda kredit ajratish boʻyicha xulosa berildi. Kredit olgach, ish faoliyatimni kengaytirib, yangi ish oʻrinlari ochaman.

Muloqotlar davomida avvalgi ommaviy qabullardagi murojaatlar ijrosi ham oʻrganildi. Masalan, Urgut tumani “Mergancha” mahallasida yashovchi Zinaida Ibrohimova oʻtgan yili xuddi shunday qabulda ipoteka krediti evaziga namunaviy loyihalar asosida qurilgan 2 sotixli hovli sotib olib, kreditni oʻz vaqtida toʻlayotgan boʻlsada, uy sifatsiz qurilganidan shikoyat qilgan edi. Oʻtgan vaqt mobaynida bu masala sud tartibida koʻrib chiqilib, adolatli yechim topildi. Zinaida opa bu gal qabulga muammosini yechishda koʻrsatgan koʻmagi uchun masʼullarga minnatdorlik bildirish uchun keldi.

— Murojaatimizdan keyin tegishli idoralar masʼullari vaziyatni oʻrganib, yetkazilgan zararni bosqichma-bosqich undirib beryapti, — deydi Z.Ibrohimova. — Xonadonlarimizga gaz ham tushirib berishdi. Haqiqat yuzaga chiqqanidan barchamiz xursandmiz. Ommaviy qabulga kelib koʻrsatilgan huquqiy va amaliy yordam uchun minnatdorligimizni bildirdik.

Qoʻshrabotlik Ozoda Xolmatova esa bir murojaati asosida uch masalasiga yechim topdi: ayolning oʻziga doimiy ish topib beriladigan, oliy taʼlim muassasasida tahsil olayotgan qizi ijtimoiy himoyaga olinadigan, ozodlikdan mahrum qilingan turmush oʻrtogʻining jinoyat ishi qayta koʻrib chiqiladigan boʻldi.

Qabullarda 29 ayolning aliment undirish bilan bogʻliq masalasiga yechim topildi, oʻzaro nizolashgan yetti oila yarashtirildi. Oilaviy zoʻravonlikka uchragan ayollarga himoya orderi taqdim etildi. Ijtimoiy koʻmakka muhtoj 25 ayolga tikuv mashinkasi taqdim etildi, tomorqaga ekin uchun urugʻlik va koʻchat yetkazib berildi. Ularning baʼzilariga ishsizlik nafaqasi tayinlandi, kasb-hunarga oʻqitish choralari koʻrildi. Xalq qabulxonalari va sektorlar hamkorligida 23 bemor nogironlik aravachasi bilan taʼminlandi.

Ichki ishlar vazirligi mutasaddilari esa surishtiruv va tergov, yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi, jazodan muddatidan avval ozod etish, jazoni ijro etish, ichki ishlar organlari xodimlarini ishga qayta tiklash, ishga kirish, fuqarolik, pasport-viza, mol-mulkni olib qoʻyish va qaytarmaslik kabi 150 ga yaqin masalani koʻrib chiqdi, ularning 73 tasi joyida hal qilindi.

Aytish kerakki, bugun mamlakatimizda yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlashga katta eʼtibor qaratilmoqda. Ommaviy qabulda shu masalalar ham kun tartibiga qoʻyildi. Urgut tumani «Savgʻon» mahallasidagi hokim yordamchisi Matlab Ismoilov mahalladagi taʼlim muassasalari yonidan oʻtgan asosiy koʻchada avtomobillar qatnovi tezligi, bu ota-onalarda xavotir uygʻotayotganidan arz qilgach, masala joyiga chiqib oʻrganildi va mahalliy hokimlik bilan birga hal etildi. Mahalladagi bolalar bogʻchasi va maktab oldida piyodalar yoʻlakchasi tashkil qilinib, tezlikni cheklovchi yoʻl belgisi oʻrnatildi.

Qoʻshrabotning Joʻsh qishlogʻida yashovchi Faxriddin Qipchoqov ham ichki ishlar sohasi masʼullaridan hududdagi 56-maktab joylashgan koʻchada yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlashni soʻradi. Faxriddin akaning aytishicha, mazkur koʻchada piyodalar oʻtish yoʻlagi yoʻqligi, avvalo, oʻquvchilar hayotiga xavf tugʻdirmoqda. Murojaatdan soʻng mahalliy hokimlik masʼullari bilan hamkorlikda bu masala joyiga chiqib oʻrganilib, hal etildi.

Ommaviy qabul davomida Xalq qabulxonalari va sektorlar masʼullari avval murojaat qilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning 56 nafar farzandiga ichki imkoniyatlar hisobidan bepul rasmiylashtirib berilgan fuqarolik pasporti, ID kartalarni topshirdi. Shuningdek, Urgut va Qoʻshrabot tumanlarida viloyat hokimligi, adliya, soliq, bojxona, Milliy gvardiya boshqarmalari masʼullari ham koʻplab murojaatlarni qabul qilib, qator masalalarga yechim topdi.

Qabullar doirasida Prezident virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga, shuningdek, ichki ishlar organlarining probatsiya xizmatlari va sudlarga kelib tushgan murojaatlar asosida jinoyat ishlari boʻyicha 11 ta tuman va shahar sudida 125 ta ish koʻrib chiqildi. Albatta, bu ishlarning har biri alohida mavzu boʻlsada, belgilangan jazo muddatini oʻtayotgan shaxslarning barchasini aybiga iqrorlik, qilmishiga pushaymonlik, shunga yarasha munosib jazo olganini tan olish bilan birga, hayotini izga solish uchun imkoniyat olish umidi ham birlashtirib turibdi. Shu bois, sud majlislarida bu shaxslar bilib-bilmay toʻgʻri yoʻldan toyganini, jinoyat koʻchasiga kirib qolganini, qilmishi oqibatiniyu toʻgʻri yashash qadrini anglab yetganini aytib, hayotini oʻnglashi uchun yana bir imkon soʻradi. Sud majlislarida har bir ish batafsil koʻrib chiqilib, barcha tomon tinglangach, ichki ishlar organlarining probatsiya boʻlinmalari taqdimnomalari asosida 100 nafar shaxs jazoni oʻtashdan muddatidan oldin shartli ozod etildi, 24 sudlanuvchiga nisbatan tayinlangan jazo yengilrogʻiga almashtirildi, bitta jinoyat ishi taraflar yarashgani munosabati bilan tugatildi.

Qabullarda viloyat hokimligi, adliya, soliq, bojxona, Milliy gvardiya boshqarmalari masʼullari ham 215 ta masalaning 48 tasini joyida hal qildi, aholiga davlat xizmatlari koʻrsatildi, boʻsh ish oʻrinlari, koʻchatlar yarmarkalari tashkil qilindi. Bir soʻz bilan aytganda, ommaviy qabul qizgʻin va samarali ruhda oʻtdi. Poytaxtdan borgan mutasaddi tashkilotlar rahbarlari qabulga kelgan har bir inson murojaatini batafsil tinglab, joylardagi masʼul rahbarlar ishtirokida ochiq-oshkora muhokama qildi. Har bir masalaga qonuniylik, odillik va insonparvarlik tamoyillari asosida baho berildi.

Umumlashtirib aytganda, Samarqand viloyatida sud-huquq sohasi boʻyicha tashkil qilingan 4 kunlik ochiq muloqotlarda mingdan ziyod masala koʻrib chiqilib, ularning 341 tasi joyida hal qilindi, 267 nafar murojaatchiga huquqiy maslahat va tushuntirish berildi, 393 ta murojaat boʻyicha esa aniq muddat va masʼullar belgilanib, Prezident Xalq qabulxonalari tomonidan nazoratga olindi.

Xalqimiz bunga javoban oʻz minnatdorlik tuygʻusini oddiy va samimiy soʻzlar bilan ifoda etdi: “Boʻlar ekanku!”. Ming-minglab yuraklardan otilib chiqqan bu xitob xalqimizning bugungi farovon hayotga shukronasi, yorugʻ kelajakka intilishi, ezgu islohotlar oilasiga, hayotiga kirib borib, umriga yangicha maʼno-mazmun baxsh etgan insonlarning hayotdan roziligi izhori boʻlib yangradi, goʻyo. Istagimiz - xalqimizning hayotidagi ushbu yangilanish va yuksalishlar bardavom boʻlsin!

Bahor Xidirova,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri