Sogʻliqni saqlash vazirligida Koreya Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Kim Xi Sang bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Samimiy va doʻstona ruhda oʻtgan muloqotda ikki davlat oʻrtasida tibbiyot sohasidagi oʻzaro hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash va kengaytirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Xususan, Sogʻliqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov taʼkidlaganidek, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2021-yil 16-18-dekabr kunlari Koreya Respublikasiga tashrifi doirasida ikki mamlakat rahbarlari huzurida Sogʻliqni saqlash sohasida hukumatlararo bitim imzolangani soha rivojida muhim bosqich boʻlmoqda.
Endilikda ushbu hujjatga muvofiq tibbiyot yoʻnalishdagi oʻzaro munosabatlar yanada yuqori bosqichga koʻtarilayotgani eʼtirofga loyiq jihat.
Yurtimizda Koreya Respublikasi iqtisodiy rivojlanish va hamkorlik fondi (EDCF) ishtirokida barpo etilgan Bolalar milliy tibbiyot markazi, Buxoroda faoliyat olib borayotgan Himchan klinikasi ikki tomonlama hamkorlikning yorqin namunasidir.
Quvonarlisi, endilikda hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish uchun har ikki tomonda imkoniyat va salohiyat yetarli.
Muloqotda Janubiy Koreyaning Eksinbanki bilan birgalikda poytaxtimizda kattalar uchun moʻljallangan loyiha qiymati qariyb 150 million AQSH dollarilik koʻp tarmoqli klinika, 150 million dollarlik zamonaviy onkologiya shifoxonasi va Koreya universitetlari ishtirokida tibbiyot oliy oʻquv yurti bunyod etish loyihalarini amalga oshirish istiqbollari muhokama etildi.
Elchi janoblari har uch muassasaning yaxlit kompleks oʻlaroq bir manzilda, yaʼni Bolalar milliy tibbiyot markazi yonida bunyod etilishini qoʻllab-quvvatlab, bu, ilm-fan va amaliyot integratsiyasini taʼminlashga xizmat qilishini aytib oʻtdi.
Binobarin, mamlakatimiz hududlarida joylashgan sogʻliqni saqlash muassasalarini Janubiy Koreya mablagʻlari hisobidan 88,8 million AQSH dollarilik soʻnggi rusumdagi tibbiy jihoz va texnologiyalar bilan taʼminlash loyihasi koʻrib chiqildi.
Maʼlumki, Janubiy Koreya — tibbiyot sohasida dunyoning peshqadam davlatlaridan biri. Bu, avvalo, mamlakatda soha uchun malakali kadrlar tayyorlash borasida yoʻlga qoʻyilgan innovatsion oʻquv metodikalari va ilgʻor taʼlim dasturlari bilan bogʻliq.
Shundan kelib chiqib, tomonlar yurtimizda qoʻshma tibbiy taʼlim dasturlari asosida mutaxassislar tayyorlash va malakasini oshirish, hamkorlikda ilmiy tadqiqotlar olib borish, biotexnologiya laboratoriyalarini tashkil etish, sogʻliqni saqlash tizimini raqamlashtirishga qaratilgan takliflarni muhokama qildi.
Yakunda joriy yilning avgust oyida Samarqand shahrida Oʻzbekiston — Janubiy Koreya tibbiyot forumini oʻtkazish yuzasidan kelishuvga erishildi.