Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Samarqand viloyati hokimligi, Adliya vazirligi, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi bilan hamkorlikda Samarqandda Oʻzbekiston talabalari assotsiatsiyasi tashkil etildi.
Shu bois Samarqand davlat universitetida assotsiatsiyaning birinchi taʼsis forumi boʻlib oʻtdi. Onlayn-muloqot tarzida tashkil etilgan tadbirda mahalliy oliy taʼlim muassasalaridan tashqari, Osiyo universitetlari assotsiatsiyasi, Xalqaro ipak yoʻlida joylashgan universitetlar assotsiatsiyasi, Yevroosiyo universitetlari assotsiatsiyasi vakillari, AQSH, Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy, Niderlandiya, Rossiya, Hindiston, Afgʻoniston, Isroil, Turkiya, Belarus, Vengriya kabi davlatlarning talaba-yoshlari ishtirok etdi.
Assotsiatsiyani tashkil etishdan asosiy maqsad, mamlakatimiz OTMlari talabalarini qiziqish va ehtiyojlariga qarab, jamoatchilik boshqaruvi asosida birlashtirish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, yuksak maʼrifatli, bilimdon mutaxassislar boʻlib yetishishlari yoʻlida qoʻllab-quvvatlashdan iborat.
Forumda Oʻzbekiston talabalari assotsiatsiyasini tashkil etish masalasi onlayn soʻrovnoma orqali ovozga qoʻyildi. Unda ishtirok etganlarning deyarli barchasi Samarqand davlat universiteti huzurida Oʻzbekiston talabalari assotsiatsiyasini tashkil etishni yoqlab ovoz berdi.