Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar qildi.
Qayd etilishicha, 2008-yilda tugʻilgan shaxs xaridorga 10 dona qoʻlbola usulda yasalgan pirotexnika vositasini 250 ming soʻmga hamda yarim litrlik yelim idishida tayyorlangan yana bir pirotexnika vositasini 600 ming soʻmga sotayotgan vaqtda ushlandi.
Tezkor surishtiruv ishlari davomida uning yashash xonadoni koʻzdan kechirilib, 22 dona yelim idish qopqogʻidan yasalgan hamda olti dona izolentaga oʻralgan, jami 28 dona qoʻlbola usulda tayyorlangan pirotexnika vositalari, shuningdek, 200 gramm oltingugurt moddasi ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.
Olib borilgan surishtiruv natijasida ushbu shaxsning 2009-yilda tugʻilgan tanishi ham qoʻlbola pirotexnika vositalarini yasab kelayotgani aniqlandi. Uning yashash xonadoni koʻzdan kechirilganda 17 dona qoʻlbola usulda yasalgan pirotexnika vositasi hamda ularni tayyorlash uchun moʻljallangan moslamalar topilib, tegishli tartibda hujjatlashtirildi.
Navbatdagi tezkor tadbirda Samarqand shahrida yashovchi 2009-yilda tugʻilgan yana bir shaxs besh dona qoʻlbola pirotexnika vositasini ikki nafar tanishiga sotayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olindi. Soʻrovlar davomida u mazkur vositalarni tanishi bilan kelgusida sotish maqsadida tayyorlagani maʼlum boʻldi. Tanishining nonvoyxonasi koʻzdan kechirilib, u yerdan 31 dona qoʻlbola pirotexnika vositasi hamda ularni tayyorlashda foydalaniladigan modda va buyumlar aniqlandi.
Shuningdek, olingan tezkor maʼlumotlarga asosan 1976-yilda tugʻilgan shaxsning yashash xonadoni koʻzdan kechirilganda, tom qismida portlatish uchun moʻljallangan 291 dona maxsus kapsula, shuningdek, olti dona shisha idishda saqlanayotgan kukunsimon moddalar va pirotexnika vositalarini tayyorlash uchun ishlatiladigan ashyolar topilib, hujjatlashtirib olindi.
Hozirda aniqlangan barcha holatlar yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Ichki ishlar organlari fuqarolarni pirotexnika vositalaridan, ayniqsa qoʻlbola usulda tayyorlanganlaridan foydalanmaslikka chaqirib, bunday vositalar inson salomatligiga ogʻir zarar yetkazishi, hatto oʻlim holatlariga olib kelishi mumkinligini eslatdi. Qonunga xilof ravishda pirotexnika vositalarining muomalasi bilan shugʻullanish 8-yildan 10-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilangan.