Samarqandda qalbaki alkogol sotayotgan savdo doʻkoni fosh etildi

    Ishtixon va Toyloq tumanlarida qalbaki aksiz markali alkogol mahsulotlari sotayotgan savdo doʻkonlari aniqlandi.

    Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

    Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Ishtixon tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda "Toʻpori" mahallasi hududidagi “J.B.” oilaviy korxonasining savdo doʻkonida umumiy bahosi 243,8 mln soʻmlik 87 turdagi jami 5 886 dona qalbaki aksiz markali alkogol va 43 turdagi 2 035 quti aksiz markasiz tamaki mahsulotlari sotuvga qoʻyilganligi aniqlanib, doʻkon egalari ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

    Shuningdek, Departamentning Toyloq tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda "Vorsin" mahallasi hududidagi "A." MChJga qarashli savdo doʻkonida 79 turdagi jami 868 dona qalbaki aksiz markali alkogol va 10 turdagi 150 quti aksiz markasiz tamaki mahsulotlari sotuvga qoʻyilganligi aniqlanib, ushbu mahsulotlar ashyoviy dalil sifatida olindi.

    Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.