Bugun Samarqand shahridagi markaziy chiqindi poligonida bojxona organlari tomonidan noqonuniy muomaladan olib qoʻyilgan tamaki mahsulotlarini ommaviy axborot vositalari va keng jamoatchilik vakillari ishtirokida yoʻq qilish tadbiri boʻlib oʻtdi.
Tadbir davomida tamaki mahsulotlari maxsus texnikalar koʻmagida yanchildi, suvga boʻktirildi va yakunda butunlay yaroqsiz holga kelgach, koʻmib yuborildi.
Tamaki mahsulotlarini yoʻq qilish tadbiri doirasida jurnalistlar va blogerlar uchun brifing ham tashkil qilindi.
Brifingda Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Anvar Muxammadiyevning maʼlum qilishicha, 2023-yilning oʻtgan davrida respublikamiz bojxonachilari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi turli idoralar bilan hamkorlikda aniqlangan 229 ta huquqbuzarlik holatlarida qiymati 76,2 milliard soʻmlik salkam 4,9 mln. quti tamaki mahsulotlari ushlab qolingan. Oʻtgan yilning shu davrida bu koʻrsatkich 1,5 mln. qutini tashkil qilgan.
Samarqand viloyatida esa joriy yilda bojxona xodimlari tomonidan aniqlangan 16 ta huquqbuzarlik holatlarida qiymati 2,1 milliard soʻmlik 148 ming 819 tamaki mahsulotlari ushlab qolingan.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 15-iyuldagi “Davlat daromadiga oʻtkaziladigan mol-mulkni olib qoʻyish, sotish yoki yoʻq qilib tashlash tartibi toʻgʻrisida”gi 200-son qaroriga muvofiq tamaki mahsulotlari majburiy tarzda yoʻq qilib tashlanishi belgilangan.