Soʻnggi yillarda mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish, uning har xil turlari, xususan, regbini yanada ommalashtirish, buning uchun qulay shart-sharoitlar va infratuzilma yaratishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Mazkur sport turi milliy armiyamizda jadal rivojlanmoqda. Regbi — jamoa boʻlib oʻynaladigan sport turi boʻlib, u harbiy xizmatchilarning oʻzaro jipsligini oshirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Mazkur musobaqada okrug tasarrufidagi harbiy qismlardan toʻplangan kuchli 4 jamoa oʻzaro bellashdi. Bu, oʻz navbatida, regbining milliy armiyamizda rivojlanayotganligi va unga boʻlgan qiziqish harbiy xizmatchilar orasida tobora ortib borayotganining yana bir isbotidir.

Qoʻmondon kubogi uchun oʻtkazilgan regbi musobaqasi koʻtarinki ruh va doʻstona raqobatda oʻtkazilib, jamoalar gʻalaba uchunharakat qildi. Maydonda tomoshabin boʻlib turgan harbiy xizmatchilar va mehmon yoshlar muhlislik qilayotgan oʻz jamoasini olqishlar bilan qoʻllab turdi.

Umuman olganda, qizgʻin bahslarga boy boʻlgan bellashuvlarda har bir jamoa vakillari oʻzaro sogʻlom raqobatga kirishdi. Regbichilar jismoniy kuch, aqliy qobiliyat va irodaviy hislatlarini namoyish etib, muhlislariga tomoshabop oʻyin koʻrsatdi.

Musobaqa yakuniga koʻra, “Qoʻmondon kubogi” Jizzax garnizonidagi harbiy qism harbiy xizmatchilaridan iborat jamoaga nasib etdi.

Gʻolib va sovrindorlarga diplom, medal va qimmatbaho sovgʻalar topshirildi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati