Hodisa 2023-yil 10-yanvar kuni soat 13:30 larda M-37 Samarqand-Buxoro-Turkmanboshi avtomobil yoʻlining 124-kilometrida sodir boʻlgan. VAZ-21013 haydovchisi ikkinchi darajali yoʻldan chiqib asosiy yoʻldan Samarqand tomon harakatlanayotgan ZHONGTONG BUS rusumli avtobus bilan toʻqnashgan.
Oqibatda, VAZ-21013 haydovchisi va mazkur mashina salonida boʻlgan yoʻlovchi ogʻir tan jarohati olib halok boʻlgan. Yana uch nafar yoʻlovchi shifoxonaga yotqizilgan.
Qayd etilishicha, holat yuzasidan Paxtachi tuman IIB tergov boʻlimi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.