Bu haqda MY5 telekanalida xabar berildi.
Qayd etilishicha, bola yigʻisini eshitgan shifokorlardan biri shu atrofda joylashgan tuman 1-son IIB boʻlimi profilaktika inspektorlaridan yordam soʻragan. Chaqaloq 2 soat mobaynida chuquqrlikda qolib ketgan. Uni uzoq urinishlardan soʻng ichki ishlar organlari xodimlari chiqarib olgan.
“Tuynukni kovlagan sari chaqaloq ovozi eshitilmay qolayotgandi. Keyin hamma hodimlar birgalikda kovlashdi, togʻli hudud boʻlgani uchun yer qattiq edi. Hamma xodimlar kirishga tayyor boʻlib turgandi, faqat tuynuk biroz kichik boʻlgani uchun men kirdim. Chaqaloq yonbosh holatda edi, oyogʻi va qoʻli qimirlamay qolgandi. Chiqarib, darrov birinchi tibbiy yordam koʻrsatish uchun hamshiralarga berdik”, — deydi chaqaloqni olib chiqqan profilaktika inspektori Sardor Safarov.
Bola 1-mart kuni soat 12:00 atrofida tuman markaziy shifoxonasiga olib borilgan. Ayni paytda uning holati qoniqarli hamda shifokorlarning doimiy nazorati ostida maxsus intensiv xonada parvarishlanmoqda.
“Kelganida bola juda ham muzlab qolgandi. Hozirda ahvoli ancha tuzuk. Onasi ham oʻzini yaxshi his qilyapti, bergan savollarimizga yaxshi javob beryapti”, — deydi shifokor Farmon Qoʻshmurodov.
Lavhada aytilishicha, ona beshinchi farzandiga homilador boʻlganini oʻzi payqamagan. Sogʻligʻidan shikoyat qilib kelgan ayol buni farzandi tugʻilgandagina bilgan.
Tarmoqlarda tarqalgan xabarga koʻra, ayol hojatxonaga kirganida koʻzi yorigan va holsizlangan holda chaqalogʻini ehtiyotsizlik bilan hojatxona teshigiga tushirib yuborgan.
“Qornimda boʻlganini bilmaganman, rostan. Qimirlaganini ham, umuman, sezmaganman. Toksikoz ham boʻlmaganman. Poliklinakaga shu paytgacha biror marta borganim yoʻq, boʻyimda bor, deb murojaat ham qilganim yoʻq edi. Togʻda kiyikdek sakrab yurganman. 3 kg 700 gramm tugʻibman, kamroq ham emas. Nahotki, bilmaganman?”, — deydi ayol.
Chaqaloqqa uni qutqarib qolgan IIO xodimining ismini qoʻyishmoqchi.