Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari – Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov, YUNESKO Bosh direktori oʻrinbosari Stefaniya Jannini ishtirok etdi va shu paytgacha dunyoning 17 shahrida oʻrnatilgan “Tinchlik daraxti” dunyodagi turli din va millatlarning birlashuvi, oʻrtasidagi doʻstlik, hamkorlik ramzi hisoblanishini taʼkidladi.
– Ramziy maʼnoga ega ushbu monumentni yaratishni YUNESKO bilan hamkorlikda amalga oshirganmiz va 2008-yilda ilk “daraxt”ni Isroilda oʻrnatgandik, - deydi YUNESKOning madaniy diplomatiya boʻyicha maxsus elchisi, monument muallifi Xedva Ser xonim. – Bronzadan yasalgan, 750 kilogrammlik oʻn sakkizinchi monument bugun dunyoga mashhur tarixiy Samarqand shahriga qoʻyildi. Monumentni oʻrnatish jarayonlarida bir jihat eʼtiborimni tordi. Odatda, boshqa joylarda “Tinchlik daraxti”ni yaratish uchun uch oygacha vaqt sarflaganmiz. Samarqandda esa toʻrt hafta kifoya qildi.
Mehmonlar “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi.