“Zarafshon Parkside”, “Shohjahon Palace”, “Continental hotel Samarkand” mehmonxonalarining ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazir oʻrinbosari – Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov, Yaponiyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Yoshinori Fujiyama, Samarqand viloyati hokimi Yerkinjon Turdimov ishtirok etdilar.
Taʼkidlash joizki, ushbu mehmonxonalarning har biri oʻziga xos dizayn va xizmatlarda alohida yondashuvga ega. Masalan, “Continental hotel Samarkand” mehmonxonasi oʻz tashrif buyuruvchilariga qishki bogʻ, fin va turk saunalari, basseyn, banket va konferensiya zallari, shuningdek, mehmonxona tomida joylashgan lounge barni taklif yetadi. Mehmonxona 150 kishiga moʻljallangan boʻlib, 30 ta ish oʻrni yaratilgan.
“Zarafshon Parkside”, mehmonxonasi esa bir vaqtning oʻzida 110 nafar turistni qabul qila oladi. Shuningdek, mehmonxonada 170 kishiga moʻljallangan ikkita banket zali va 150 kishiga moslashgan konferens-zal mavjud. Mehmonxonada 25 ta ish oʻrni mavjud. Ushbu mehmonxona majmuasida qurilish ishlarining ikkinchi bosqichi yakunlangach, mehmonlar mavzuli bogʻ, yopiq va ochiq basseynlar, sport zali, qoʻshimcha ikkita banket zallari va 65 xonaga ega boʻladilar.
Uch qavatdan iborat “Shohjahon Palace”, mehmonxonasi esa 64 ta oʻringa moʻljallangan. Mehmonxonada 15 ta ish oʻrni mavjud.