Samarqandda vokzal ortidagi 3 mingta uy buzilib, oʻrnida koʻp qavatli uylar quriladi

    Hukumat 16 Aprel 2021 4694

    Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyat faollar yigʻilishida aholini yangi uy joylar bilan taʼminlash rejasi haqida maʼlumot berdi.

    — Bizda yangi shahar qurish tajribasi bor. Andijonda odam koʻp, shu sababli shahar yaqinida butkul boshqa shahar qurish boʻyicha ish olib boryapmiz. Samarqandda ham shu tashabbusni amalga oshiramiz.

    Samarqand shahar aholisini uy-joy bilan taʼminlash ishlarini davom ettirib, shaharning Qorasuv, Shirin va vokzal orti hududlarida “renovatsiya” tamoyili asosida zamonaviy turar-joylar barpo etiladi.

    Xususan, joriy yilda Qorasuv massivida 3 ming 500 ta xonadonli 29 ta 16 va 25 qavatli uylar foydalanishga topshiriladi.

    Vokzal orti hududidagi 3 mingga yaqin eski hovlilar oʻrnida, 100 mingdan ortiq aholi uchun koʻp qavatli zamonaviy uylar quriladi. Bu oʻrinda eski hovlilarda yashayotgan aholi xavotir olishiga hech qanday asos boʻlmasligi kerak. Hammaga kompensatsiya toʻlanadi, uy joy egalari rozi qilinadi.

    Shirin massivida 90 ming nafar aholiga moʻljallangan shaharchani barpo etish orqali, parklar va dam olish maskanlarini qurish ishlari boshlanadi.

    Jamshid Qoʻchqorov, Temur Ishmetov mazkur uy-joylar qurilishini boshlash uchun viloyat hokimligiga 2 yil muddatga 200 milliard soʻm ssuda mablagʻlarini ajratsin, — dedi davlat rahbari.