Samarqandda Xalqaro turizm akademiyasi ochildi

    Turizm 25 Oktabr 2023 1383

    Akademiya tashkilotchilari Oʻzbekiston hukumati va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) hisoblanadi.

    Joriy yilning 20-oktyabr kuni Samarqand shahrida Butunjahon turizm tashkiloti BMT Bosh Assambleyasining yubiley 25-sessiyasi doirasida UNWTO Xalqaro turizm akademiyasining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Akademiyadan maqsad turizm sanoati va iqtisodiyot sohasini rivojlantirishga xizmat qiladigan malakali kadrlar sinfini shakllantirishdan iborat.

    Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri Aziz Abduhakimov, BMT Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh kotibi Zurab Pololikashvili, UNWTOga aʼzo davlatlar vazirlari va delegatsiyalari rahbarlari, ommaviy axborot vositalari va boshqalar ishtirok etdi.

    “Samarqand bir vaqtlar Ipak yoʻlidagi ilgʻor taʼlim va ilm-fan markazi boʻlgan. Yangi Oʻzbekistonda biz tarix va anʼanalarimizni qadrlaymiz, sifatli taʼlimga alohida eʼtibor qaratamiz, turli sohalarda yangi avlod olimlari, yosh yetakchilarni tayyorlamoqdamiz. 2018-yilda Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Samarqand shahrida “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti ochildi, — dedi A.Abduhakimov tadbirda. — Bugun davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Xalqaro turizm akademiyasi ochildi, uning asosiy maqsadi turizm sohasida taʼlim sifatini oshirish va inson kapitalini rivojlantirishdan iborat”.

    Zurab Pololikashvili esa turizmni rivojlantirishda taʼlimning ahamiyati va Bosh Assambleyaning yubiley sessiyasi oʻtkazilgan mamlakatda Xalqaro akademiya ochilishini taʼkidladi.

    “Akademiyani ochish tashabbusi ilgari surilganidan 9 oy oʻtib, ochilishda qatnashayotganimdan xursandman. Dastlab bunga ishonolmadim, chunki Bosh Assambleya boshlanishiga oz vaqt qolgandi. Ammo Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning qoʻllab-quvvatlashi va Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimovning saʼy-harakatlari bugun tashkilotga aʼzo mamlakatlar turizm vazirlari ishtirok etayotgan Akademiyaning ochilishini oʻtkazish imkonini berdi. Bu jarayonda qatnashganimdan mamnunman, — dedi Z.Pololikashvili ochilishda. — Bu nafaqat UNWTO yoki Samarqand uchun, balki umuman turizm uchun ham muhim qadamdir”.

    Bundan tashqari, Z.Pololikashvili ochilish marosimida ishtirok etgan turizm vazirlari va turizm boshqarmalari rahbarlarini Akademiya faoliyatini tashkil etish va oʻquv jarayonida faol ishtirok etishga chaqirdi.

    Tadbir davomida universitet va Turizm akademiyasiga tanishuv sayohati, esdalik lavhalarining ochilishi, Samarqand shahridagi UNWTO tematik idorasi faoliyati bilan tanishtirish jarayonlari boʻlib oʻtdi.

    Taʼkidlash joizki, Akademiyaning oʻquv dasturi Shveytsariya mehmondoʻstlik maktablari tajribasini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan. Trening chet ellik maslahatchilar tomonidan olib boriladi. Akademiyani tamomlagandan soʻng bitiruvchiga jalb qilingan hamkor taʼlim muassasalari tomonidan tan olingan sertifikat beriladi. Har bir modulni tugatgandan soʻng, talabalar xususiy sektor hamkor kompaniyalarida amaliyot oʻtash orqali amaliy tajriba orttirish imkoniyatiga ega boʻladilar.

    Akademiya tashkilotchilari Oʻzbekiston hukumati va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) hisoblanadi.

    UNWTOning Akademiyani tashkil etishdagi faoliyati xalqaro tajribaga asoslangan kadrlar tayyorlash modelini yaratish, oʻquv dasturlarini mahalliy sharoitga moslashtirish, ToT dasturlari (trenerlarga trening oʻtish, oʻqituvchilarning malakasini oshirish) orqali mentorlarni tayyorlash, institutsional rivojlanishni qoʻllab-quvvatlash, talabalar reytingini baholash, taʼlim sifatini oshirish boʻyicha konsalting xizmatlarini koʻrsatish, dasturlarning xalqaro tan olinishi va sertifikatlanishini taʼminlashdan iborat.

    Oʻzbekistonning Akademiya faoliyatiga qoʻshgan hissasi – oʻquv dasturlarini mahalliy sharoitga koʻpaytirish va moslashtirish, ToT dasturlari orqali mentorlar tayyorlashga koʻmaklashish, loyihalarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash, talabalarni ishga joylashtirishga koʻmaklashish, dasturlarni takomillashtirish va moslashtirish, talabalar reytingini baholash, targʻibot ishlari dasturlarni targʻib qilish va boshqalardir.