Qayd etilishicha, Samarqand shahar hokimi Fazliddin Umarov bilan uchrashuvda Xorvatiya parlamenti vakillari Samarqand va Dubrovnik shaharlari oʻrtasida hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish istiqbollarini muhokama qildi.
– Mazkur tashrif Oʻzbekiston va Xorvatiya oʻrtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgani bilan ahamiyatli, – deydi Xorvatiyaning mamlakatimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Refik Shabanovich. – Oʻzbekiston parlamenti va hukumati vakillari bilan uchrashuvlarda Toshkentda Xorvatiya elchixonasini, Samarqand shahrida esa mamlakatimiz konsulligini ochish haqida soʻz bordi. Shuningdek, munosabatlarimizni Samarqand va Dubrovnik shaharlarini birodar shaharlar sifatida bogʻlash orqali yana ham mustahkamlash koʻzda tutilgan. Dubrovnik ham Samarqand kabi turizm shahri hisoblanadi. Bu shaharda 40 mingdan ziyod aholi yashasada, yiliga qariyb toʻrt million sayyohni qabul qiladi va turizm boʻyicha yuqori tajribaga ega. Oʻylaymanki, bu boradagi hamkorlik ikki shahar uchun ham manfaatli boʻladi.
Xorvatiya parlamenti vakillari transport, farmatsevtika, aloqa va IT yoʻnalishlarida ham hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, qoʻshma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan fikr almashdi.
– Samarqand shahriga keladigan sayyohlar sonini 2030-yilga qadar 10 million nafarga yetkazishni maqsad qilgan ekanmiz Dubrovnik bilan bu borada hamkorlik bizga qoʻl kelishi mumkin, – dedi Samarqand shahar hokimi F.Umarov. – Shahrimizda infratuzilmani modernizatsiya qilish, xizmat koʻrsatish sifatini xalqaro standartlar darajasiga olib chiqish, noyob tarixiy koloritni global miqyosda targʻib etishda xorvat doʻstlarimiz tajribasini oʻrgansak, hamkorlikda ishlasak, foydadan xoli boʻlmaydi.
Tashrif dasturi doirasida delegatsiya aʼzolari Samarqanddagi tarixiy-madaniy yodgorliklar, diqqatga sazovor maskanlarni tomosha qildi.