Sessiyada qurolli nizolar va turli inqirozli vaziyatlarning yoshlar hayotiga taʼsiri, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, taʼlim olish imkoniyatlarini taʼminlash hamda tinch va xavfsiz hayot kechirishi uchun zarur sharoitlar yaratish masalalari muhokama qilindi.
Muhokamada ishtirok etgan BMT Qochqinlar ishlari bo‘yicha oliy komissarining Markaziy Osiyodagi vakili, Parlamentlararo ittifoqning inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi, Yosh parlament aʼzolari byurosi, O‘zbekiston, Keniya, Serbiya va Tailand parlamentlari vakillari o‘z fikr-mulohazalari va takliflarini bildirdi.
So‘zga chiqqanlar nizolar sharoitida yoshlarning huquqlarini samarali himoya qilishda xalqaro hamkorlikni kuchaytirish, ularga zarur ijtimoiy va gumanitar yordam ko‘rsatish, taʼlim va rivojlanish imkoniyatlarini saqlab qolish masalalariga alohida eʼtibor qaratdi.
Shuningdek, parlamentlarning yoshlar huquq va manfaatlarini himoya qilish, yoshlarning muammolariga yechim topishga qaratilgan qonunchilik va parlament nazorati mexanizmlarini takomillashtirishdagi o‘rni xususida fikr almashildi.
Sessiya yakunida yoshlar huquqlarini ishonchli himoya qilish, ularning tinchlik o‘rnatish va jamiyatlarni tiklash jarayonlaridagi ishtirokini kengaytirish, shuningdek, mazkur yo‘nalishda parlamentlar va xalqaro tashkilotlar o‘rtasida hamkorlikni yanada kuchaytirish muhimligi qayd etildi.