Bugungi kunda respublika boʻyicha jami 6 million 806 mingdan ortiq hisoblagich oʻrnatib boʻlindi. Bu esa, oʻz navbatida, 92 foiz isteʼmolchining hisoblagichlari tizimga mos hisoblagichlarga almashtirib boʻlindi, degani.
Hozirgacha ushbu oʻrnatilgan hisoblagichlarning qariyb 4 million 793 mingtadan ortigʻi billing tizimiga ulangan boʻlib, yaʼni billing tizimiga ulangan ushbu isteʼmolchilar bilan hisob-kitoblar avtomatik ravishda amalga oshirilmoqda va hisoblagichlar boʻyicha maʼlumot olish va nazorat qilish imkoniyati mavjud.
Joriy yil 23-aprel kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatining Elektr energiyasini hisobga olishni avtomatlashtirish markaziga tashrifi chogʻida, bu yerda aholiga zamon talablariga mos ravishda xizmat koʻrsatish, elektr taʼminotini yana-da yaxshilash boʻyicha qator koʻrsatmalar bergandi.
Xususan, elektron hisoblagichlar oʻrnatish – bu birinchi qadam ekani, eng qiyini oldindaligi, yaʼni hududlarda, uzoq qishloqlarda hisoblagichlarni ekspluatatsiya qiladigan professional kadrlarni yetishtirish, tizimning tashqi taʼsirlarga chidamliligini oshirish, keyinchalik tarmoq eskirishi tufayli yuzaga keladigan holatlarni hisob-kitob qilishni hozirdan oʻylash kerakligi, tushumlarning maʼlum bir foizini ilmga, modernizatsiyaga yoʻnaltirish zarurligiga eʼtibor qaratgandi.
Darhaqiqat, mamlakatimizda avtomatlashtirilgan tizimni amaliyotga joriy etish jarayonida elektron hisoblagichlarni ishlab chiqarish hamda keyingi bosqichda hisoblagichlarga servis xizmat koʻrsatuvchi Markazlar faoliyatini yoʻlga qoʻyish dolzarb masalalardan biriga aylandi.
Shu maqsadda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ hamda Janubiy Koreyaning “KT Corporation” kompaniyasi hamkorligida Samarqand shahrida asosan Samarqand, Jizzax va Buxoro viloyatlari isteʼmolchilariga oʻrnatilgan “KAIFA” rusumli “aqlli hisoblagichlar”ga texnik xizmat koʻrsatadigan Markazning foydalanishga topshirilishi mazkur hududlardagi elektr energiyasi isteʼmolchilariga qoʻshimcha qulayliklar yaratishga qaratilgandir.
Jumladan, Markazda kafolatli bepul yoki pullik xizmat koʻrsatish, hisoblagichdagi nuqsonlarni bartaraf etish uchun ehtiyot qismlarni boshqarish, maʼlum darajadagi nosozliklarni tahlil qilish hamda ishdan chiqqan elektron qurilmalarga xizmat koʻrsatish rejalashtirilgan. Mazkur Markazda 14 ta malakali mutaxassis uchun ish oʻrni ham yaratildi.
Shu bilan bir qatorda isteʼmolchilarga qulaylik yaratish maqsadida Jizzax va Buxoro viloyatlarida ham hisoblagichlarga xizmat koʻrsatuvchi texnik ofislar ochilgan boʻlib, ular nosozlik aniqlangan hisoblagichlarni taʼmirlash imkoniyatiga ega, deya xabar beradi “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Matbuot xizmati.