– Shu paytgacha COVID-19 infeksiyasi aniqlangan bemorlar Samarqand shahridagi 340 oʻrinli ikkita maxsus shifoxonada davolanayotgan edi, – deydi davolash va taqsimlash markazi rahbari, Samarqand shahar tibbiyot birlashmasi boshligʻi Ahmadjon Bobojonov. – Ammo bugungi kunda kasallikka chalinish holatlari koʻpayayotgani sababli markazni qayta ochishga toʻgʻri keldi. Bu yerda viloyatning turli hududlaridan keltirilayotgan bemorlarni davolash uchun barcha zarur tibbiy jihozlar mavjud, dori vositalari zaxirasi yaratilgan.
Hozirda 100 nafarga yaqin malakali tibbiyot xodimlari markazda ishlashga jalb qilingan. Koʻp taʼkidlanayotganidek, kasallik belgilari va asoratlari bir xil emas, oʻzgarib turibdi, deya xabar beradi OʻzA.
Ayni paytda koronavirus yuqtirgan bemorlarda asosan, holsizlik, boʻgʻimlar ogʻrigʻi, diareya kuzatilmoqda. Oʻtgan yil bemorlarda dastlabki bosqichda oʻpkada zararlanish kuzatilgan boʻlsa, hozir kasallikning besh-oltinchi kunidan bu xavf yuzaga kelyapti. Shu sababli aholidan karantin qoidalariga qatʼiy rioya qilishlari hamda kasallikka qarshi emlash jarayonlarida faol ishtirok etishlarini soʻraymiz. Salomatligimizni asrash oʻzimizga bogʻliq – tibbiy niqob taqish, ijtimoiy masofani saqlash, sogʻlom turmush tarziga amal qilsak kasallik bizdan yiroq boʻladi.