“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” kompaniyasining Janubiy kon boshqarmasiga qarashli Samarqand viloyati Qoʻshrabot tumanidagi Zarmitan oltin konida 28-iyun kuni soat 03:30 atrofida ikki yigitning ogʻir tan jarohati olgan holatdagi jasadi topildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati maʼlum qildi.

Qayd etilishicha, 20 va 24 yoshli yigitlarning jasadlari kon ishchilarining kiyimida va yonlarida ikkita qopda jami 94 kilogramm ogʻirlikdagi maʼdan toshlar boʻlgan holda topilgan. Ularning tarkibida oltin boʻlgan maʼdanli toshlarni talon-toroj qilish uchun gʻayriqonuniy ravishda kirgani taxmin qilinmoqda.

Jasadlarni 2-maʼdan yuklash punktiga borib qaytayotgan mashina operatori A.S. aniqlagan. Birlamchi maʼlumotlarga koʻra, operator kabinasi mashinaning yon tomonida joylashgan, uning harakat yoʻnalishi qarama-qarshi yon tomonga boʻlgani sabab koʻrish radiusida boʻlmagan joyda yotgan vaqtda bosib oʻtgan boʻlishi mumkin.

Taʼkidlanishicha, hodisa joyiga tezkor tergov guruhi aʼzolarini hamda Qizilqum kon texnika inspeksiyasi mutaxassislari chiqishi taʼminlangan. Hozirda tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

Halok boʻlgan fuqarolarning shaxsiga aniqlik kiritilgan — 24 yoshli Sh.A. va 20 yoshli I.T. Ular Qoʻshrabot tumani “Mayintepa” qishlogʻida istiqomat qilib kelgan.