Samarqandlik maktab o'quvchilari nufuzli CyberU loyihasi g'olibiga aylanishdi

    Ta'lim 25 Iyul 2024 163

    Samarqand shahridagi 45- va Toyloq tumani 15-umumta'lim maktabi 10-sinf o'quvchilari Temur Mirzabaev va Parviz Matlabov dunyoga mashhur CyberU platformasida tashkil etilgan “Young CS Stars 2024” loyihasining g'olibiga aylanishdi.

    2024 yil may oyida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev huzurida ta'lim tizimi bo'yicha bo'lgan taqdimotda raqamlashtirish va raqamli texnologiyalarga o'rgatishni jadallashtirish, yoshlarimizning xalqaro loyihalarda ishtirokini ta'minlash masalalari muhokama qilingan edi.

    Samarqandlik yoshlar mana shunday imkoniyatlardan unumli foydalangan holda, jahon miqyodsidagi turli loyihalarda faol qatnashishmoqda. Jumladan, Temur va Parviz ishtirok etgan mazkur loyihada 35 dan ziyod mamlakatdan 100 ga yaqin ishtirokchi qatnashgan bo'lib, ularning ko'pchiligi 20 dan 25 yoshgacha bo'lgan yoshlarni tashkil etadi. O'zbekistonlik ikki maktab o'quvchisi yosh bo'lishiga qaramay, mazkur loyiha g'olibiga aylanishdi va endilikda mazkur xalqaro platforma tarkibidagi ProjectLab dasturi asosida o'z dasturiy ta'minotlarini yaratishi va bevosita xorijiy investorlarga taqdim qilishi mumkin.

    O'quvchilarga ilmiy rahbarlik qilgan xalqaro ekspert Muxammadxon Solievning aytishicha, mamlakatimizda so'nggi yillarda ingliz tili va IT fanlari chuqurlashtirib o'rgatilayotganligi, hattoki mamlakatimiznin eng olis va chekka hududlarida ham xorijiy tillarni o'rganishga ixtisoslashgan til markazlari va IT-parklarning tashkil etilganligi yoshlarimizning IT sohasida jahon bozoriga chiqishida turtki bo'lmoqda.