Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan "Bir million dasturchi" loyihasi qatnashchisi 3,000 dan ortiq foydalunuvchiga ega "SAT for Uzbeksitan" platformasini yaratdi.
Davlatimiz rahbari joriy yil 30 iyun kuni yoshlar bilan qilgan muloqoti paytida yoshlarimizning xorijiy oliygohlarda o'qishi uchun matematika, ingliz tili va ilmiy fikrlash bo'yicha “SAT” imtihoni topshirayotgani va endilikda mazkur testdan 75% va undan yuqori olganlarga o'zimizning oliygohlarda ham davlat granti asosida qabul qilinishini ta'kidlab o'tgandi.
Lekin, hozirgi kunda mazkur “SAT” imtihoni bo'yicha tayyorlov resurslari nisbatan kam ekanligi, o'zbek tilida deyarli mavjud emasligi ko'plab yoshlarimizga muammo tug'dirayotgan edi. Samarqand shahar 8-umumta'lim maktabining 10 sinf o'quvchisi Sardor Xamidov mana shu muammolarga echim topdi. U "Bir million dasturchi" loyihasi asosida olingan bilimlari bilan "SAT for Uzbeksitan" ta'lim platformasini yo'lga qo'ydi.
Platforma sun'iy intellekt asosida ishlab, test topshiruvchilarga qulay interfeys va to'g'ri materiallarni taqdim etadi.
– Maqsadim mana shunga o'xshash platformalarni ommmalashtirish, tengdoshlarim vaqtlarini internet va video o'yinlarga behuda sarflamasdan o'z ustida ishlashlari, xorijiy til va IT sohalarini chuqur o'rganishlaridir- deydi Sardor.
Unga ilmiy rahbarlik qilgan xalqaro ekspert Kemridj universiteti bitiruvchisi Muxammadxon Solievning aytishicha, hozirgi kunda bunga o'xshagan dasturlar ko'p bo'lishiga qaramasdan, o'zbek tilida va ayniqsa xalqaro testologiya va assessment(to'g'ri baholash) standartlariga javob beradiganlari faqat AQSH va Xitoyda bor. Agar Sardor platformani rivojlatirsa, O'zbekistonda ham Blubuk (Bluebook) platformasining analogi paydo bo'ladi va yoshlarimiz o'z ona tilida ilm-fan yangiliklarini o'rganishadi hamda xalqaro imtihonlarga tayyorlanishadi.









