Samarqandliklar Turkiyaning tarixiy obidalarni saqlash boʻyicha tajribasini oʻrgandi

    Turizm 10 Avgust 2021 1421

    Samarqand viloyati hokimining oʻrinbosari Akmal Shukurov boshchiligidagi delegatsiya joriy yil 3-9-avgust kunlari amaliy safar bilan Turkiyada boʻldi.

    Safar davomida Turkiya madaniyat va turizm vazirligi qoshidagi Jamgʻarmalar bosh direksiyasi, Turkiya arxitektorlari va meʼmorlari uyushmasi, “PROYAPI” shirkati, “KORO A.Ş.” korxonasi rahbarlari bilan uchrashuv oʻtkazildi.

    Unda arxitektura-shaharsozlik, obodonlashtirish, madaniy meros obyektlarini saqlash, konservatsiyalash, restavratsiya qilish, tuzatish, taʼmirlash, hozirgi zamonda foydalanishga moslashtirish, ular bilan bogʻliq ilmiy va ilmiy-texnik tadqiqotlar, loyihalash ishlari muhokama qilindi.

    Muhokamalar natijasida Samarqand viloyatidagi “Samtexnostroy invest” MCHJ va Turkiyaning “PROYAPI” shirkati oʻrtasida arxitektura va kommunikatsiya loyihalarini ishlab chiqish boʻyicha memorandum imzolandi.

    Samarqand viloyat delegatsiyasi safar davomida, shuningdek, Anqara shahrining Kechioren tumanidagi istirohat bogʻlari, velosiped yoʻlaklari, sport maydonchalari, aholi uchun dam olish maskanlari va landshaft dizayn namunalarini koʻzdan kechirdi.

    Mehmonlar, shuningdek, Anqara jamgʻarma asarlari muzeyi, Aslanhane, Chengelhan, Sulton Alaaddin masjidlari bilan tinishdi. Istanbulga safar chogʻida Sultanahmet, Ayasofiya, Molla Gyurani, Kariye, Rustem pasha masjidlarini tomosha qilish barobarida qadimiy obidalarni saqlash va restavratsiya ishlari bilan tanishdi. Samarqand vakillariga shahardagi yirik bozorlardan biri — Misr bozorida amalga oshirilgan ishlar va tartib-tamoyillar manzur keldi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.