Qiymati 117,5 million AQSH dollarini tashkil etuvchi loyihaga koʻra, viloyatda 9 ta oqava suvlarini tozalash inshootlari, 185 kilometrdan ortiq kanalizatsiya tarmoqlarini qurish rejalashtirilgan. Jumladan, joriy yilda Oqdaryo tumani markazi - Loyish shaharchasining 14 ming nafardan ziyod aholi yashovchi xonadonlari kanalizatsiya tarmoqlariga ulanadi. Yangi oqava suvlarini tozalash inshooti qurilib, 19,5 kilometr masofaga oqava suv tarmogʻi tortiladi. Buning uchun 10,9 million AQSH dollari miqdorida mablagʻ ajratish koʻzda tutilgan.
Loyihaga koʻra, Ishtixon tumani markazi hamda Mitan shaharchasida oqava suvlarini tozalash inshootlari va 42 kilometr kanalizatsiya tarmoqlari tortiladi. 25 million AQSH dollari miqdorida mablagʻ sarflanadigan loyiha amalga oshirilgach, 25,4 ming aholi istiqomat qiluvchi hududlarda oqava suv tizimida muammo boʻlmaydi. Shuningdek, Kattaqoʻrgʻon, Payariq, Qoʻshrabot hamda Past Dargʻom tumanlarida ham kanalizatsiya tarmoqlari yangilanadi.
Bugungi kunda har bir loyihaning pasporti, annotatsiyalari va boshqa birlamchi hujjatlar tayyorlanib, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi va Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligiga kiritilgan.