Mehmonlarni institut rektori, professor Shavkat Hasanov kutib oldi va ularga institut faoliyati, shuningdek, Yaponiya bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalar haqida taqdimot oʻtkazdi.
Uchrashuvda yapon kompaniyasi vakillari talabalarga kunchiqar mamlakatda oʻz kasbi boʻyicha ishlash, amaliyot oʻtash hamda taʼlim olish imkoniyatlari haqida maʼlumot berishdi. Shu bilan birga, bu imkoniyatlardan foydalanish uchun yapon tilini muloqot darajasida bilish zarurligi alohida taʼkidlandi.
Yoʻnalishga qiziqqan yoshlar loyiha doirasida qoʻllab-quvvatlanishi, savollariga javob olishi mumkinligi qayd etildi.
Shuningdek, “NINAITE” kompaniyasi 2026-yil iyul oyidan boshlab institutning 4-bosqich bitiruvchi talabalarini Yaponiya qishloq xoʻjaligi sohalarida ishlashga taklif etmoqda. Yozgi mavsumda haq toʻlanadigan amaliyotga borayotgan talabalarning aviachipta xarajatlari qoplab beriladi.
SamATI talabalari shu vaqtga qadar Germaniya, Polsha kabi Yevropa davlatlarida amaliyot oʻtab kelgan boʻlsa, endilikda ular uchun Yaponiyada ishlash va tajriba orttirish imkoniyati ham yaratilmoqda. Shu munosabat bilan institutda yapon tili kursi faoliyati ham yoʻlga qoʻyildi.