Samimiylik va begʻuborlik kuychisi

    Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, Xalq taʼlimi aʼlochisi, “Shuhrat” medali va “Mehnat shuhrati” ordeni sohibasi Umida Abduazimova tavalludining 70 yilligiga bagʻishlangan ijodiy kecha boʻlib oʻtdi.

    Unda yozuvchilar, shoirlar, yosh ijodkorlar, adabiyot ixlosmandlari, keng jamoatchilik ishtirok etdi.

    Kecha avvalida shoir Nodir Jonuzoq Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid tabrigini oʻqib eshittirdi va esdalik sovgʻalarni topshirdi.

    Tadbirda Oʻzbekiston xalq shoiri Mahmud Toir, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist Jabbor Razzoq, Minhojiddin Mirzo, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimlari Sharifa Salimova, Tohir Qahhor, jurnalist Hamid Qahramonov va boshqalar soʻzga chiqdi.

    Unda soʻz olganlar shoiraning hayoti, ijodiy faoliyati va insoniy fazilatlari haqida toʻxtaldi.

    – Umida qalbi goʻzal, samimiy shoiralardan biridir, - dedi Mahmud Toir. – Uning samimiyati sheʼrlarida mujassam. Undagi dil va til mutanosibligi ijodida ham katta oʻringa ega.

    Ijodkorning 40dan ortiq sheʼriy, nasriy toʻplamlari, maqolalari hamda bolalar adabiyoti yoʻnalishidagi bir-biridan quvnoq kitoblari chop qilingan.

    – Umidaxon bilan talabalik yillaridan buyon birgamiz, - dedi shoira Sharifa Salimova. – Uning oʻsha paytdagi sheʼrlarini oʻqiganimdayoq, tabiatida bolalarga xos soddalik, begʻuborlik borligini his qilganman. Koʻplab sheʼrlari qoʻshiqqa aylanib, har bir xonadonga kirib borgan.

    Kechada Umida Abduazimovaning “Sevinchim”, “Seni koʻrgim kelaveradi”, “Arazlamang”, “Salom hayot”, “Qadimiy qoʻshiq”, “Oydin orzular” kabi sheʼriy va publitsistik toʻplamlari nashr qilingani taʼkidlandi. Shoiraga iliq tilaklar bildirildi, sovgʻalar taqdim qilindi.

    Tadbirda oʻquvchi-yoshlarning badiiy chiqishlari yigʻilganlarga koʻtarinkilik bagʻishladi.

    Zulayho Ahmadjonova