Samarqand veterinariya meditsinasi instituti ayni kunda AQSHning Minnesota universiteti bilan hamkorlikda 2020-2023-yillarga moʻljallangan Twining dasturini amalga oshirmoqda. Xorijiy ekspertlar bilan bu borada hamkorlik aloqalarini muvofiqlashtirish yuzasidan bir necha bor muzokaralar olib borilgan. Dasturning asosiy maqsadi Oʻzbekistonda veterinariya taʼlimini Xalqaro Epizootik Byuro (XEB) talablari asosida tashkil etish, 5 yillikka moʻljallangan oʻquv reja, malaka talablari va fan dasturlarini ishlab chiqish, institut professor - oʻqituvchilarining mazkur taʼlim dargohida malaka oshirish hamda taʼlim olishlarini yoʻlga qoʻyishdan iborat. Yil davomida Xalqaro Epizootik Byuro ekspertlari mamlakatimizga tashrif buyurib, mazkur dastur doirasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar xususida uchrashuvlar, muloqotlar va kelishuvlar tashkil etilgan.

Joriy yilning 28-yanvar – 7-fevral kunlari Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi hamda Samarqand veterinariya meditsinasi instituti mutasaddilaridan iborat delegatsiya AQSHning Minnesota universitetida xizmat safarida boʻlib qaytishdi.

Ilm sari yoʻl

Minnesota universiteti Amerika Qoʻshma Shtatlarining 1600 ta oliy oʻquv muassasalari orasida kuchli 10 talikda, xalqaro reyting boʻyicha top -1000 talikda 177- oʻrinni band qilgan. Universitetga qarashli boʻlgan 17 ta kollej va 10 dan ortiq ilmiy va taʼlim markazlarida jami 52 ming nafarga yaqin talabaga 3,5 ming nafardan ziyod professor-oʻqituvchilar taʼlim berishadi.

Qoʻshma Shtatlarda ayni kunda 33 ta oliy taʼlim muassasalarida veterinariya mutaxassislari tayyorlanadigan boʻlsa, biz tashrif buyurgan universitetning veterinariya meditsinasi kolleji ular orasida yetakchilardan sanaladi. Kollej qoshida Qishloq xoʻjalik hayvonlari, otlar va mayda hayvonlar veterinariya klinikalari, hayvonlar vivariysi, infeksion kasalliklar diagnostik markazi (markaz butun shtatga xizmat qiladi) faoliyat koʻrsatmoqda. Kollejda taʼlim tizimi amaliyot bilan chambarchas bogʻlangan boʻlib, shtatdagi 9000 ming bosh qoramolga ega boʻlgan sutchilik fermasi, boshqa qishloq xoʻjaligi hayvonlari mavjud boʻlgan fermer xoʻjaliklari, turli xususiy klinikalar hamda it va mushuklar saqlanadigan pitomniklar bilan uzoq muddatli shartnomalar tuzilgan. Talabalar uchun fermalarda barcha sharoitlar, yaʼni oʻquv auditoriyalari, yotoqxona, laboratoriyalar mavjud.

Amerikada veterinariya mutaxassislariga talab juda katta, deyishdi. Twinning dasturi safar rejasiga koʻra, Minnesota universitetining dastur boʻyicha masʼul xodimi “Hayvonlar kasalliklari va oziq-ovqat xavfsizligi markazi” direktori oʻrinbosari, doktor Maria Sol Perez boshchiligida oliy oʻquv yurtining bosh binosidagi majlislar zalida boʻldik. U yerda kollejning magistratura va doktorantura boʻyicha dekani, professor Sandra Godden bilan magistratura va doktoranturada oʻqishning tashkil qilinishi, ilmiy sohaga ajratiladigan mablagʻlar, magistratura hamda doktoranturaga qabul boʻyicha talablar hamda boshqa masalalarga bagʻishlangan taqdimoti bilan tanishdik. Shuningdek, safar davomida universitetning xalqaro aloqalar boʻyicha prorektor yordamchisi, xalqaro dasturlar fakulteti dekani, professor M.Makkuayd, Veterinariya meditsinasi kolleji dekani, professor L.Molgard, “Xayvonlar salomatligi va oziq-ovqat xavfsizligi” markazi boshligʻi, professor A.Perez, “Global salomatlik va ijtimoiy javobgarlik” markazi direktori, doktor Sh.Prasadlar bilan uchrashdik. Ular bilan oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, taʼlim, ilmiy va metodik sohada aloqalarni rivojlantirish, xalqaro va milliy grantlar tanlovlarida birgalikda ishtirok etish, shuningdek mamlakatimizda veterinariya meditsinasi taʼlimi, veterinariya xizmati hamda oziq-ovqat xavfsizligi tizimlarini takomillashtirish boʻyicha muzokaralar olib borildi.

Amerikada oʻqishga kirish va uni davom ettirish osonmi?

AQSHda maktab bitiruvchilari toʻgʻridan - toʻgʻri universitetning veterinariya meditsinasi kollejiga oʻqishga qabul qilinmaydi. Yoshlar maktabni tamomlagandan soʻng, huddi bizdagi 3 yillik ixtisoslashtirilgan veterinariya texnikumiga oʻxshash oʻquv muassasasini tugatib, keyin mazkur kollejga oʻqishga qabul qilinishi mumkin ekan(Misol uchun, chet davlatlardan keladigan yoshlar shu mutaxassislikka yaqin boʻlgan biologiya, veterinariya sohasi oʻqitiladigan oʻquv yurtlarini tugatib kelgan boʻlishlari kerak). Yaʼni, universitetga kirishning asosiy talabi – oʻquvchilar tavsiya asosida oʻqishga qabul qilinadi. Bakalavriat bosqichi 100 foiz toʻlov-kontrakt asosida oʻqitiladi. Kirish imtihonlari uchun yil davomida hujjat topshiriladi, ammo talabgorlarda albatta tavsiyanoma boʻlishi shart. Kirish imtihonlarida test sinovi emas, balki individual suhbat oʻtkaziladi. Talabgorlar shu shtatda yashasa 30 ming dollar, boshqa shtatdan kelgan boʻlsa 60 ming dollar miqdorida kontrakt mablagʻi toʻlaydi. Bakalavriatga kirgan talaba uchun Davlat tomonidan kredit beriladi. Talaba oʻqishni bitirguncha davlatdan 145 ming dollargacha qarz boʻlib ketarkan, uni umri davomida ham toʻlashi mumkin.

Magistratura va doktorantura bosqichlari mutlaqo bepul, aksincha davlat ularga toʻlaydi. Magistratura bosqichida talabaga 29, 30 ming AQSH dollari atrofida stipendiya toʻlanadi. Umuman, magistraturaga kirish talablari uchun birmuncha ogʻir va hamma ham bu bosqichda oʻqiy olmaydi. Amerika mezonlariga koʻra, maxsus sertifikat va tegishli ballni toʻplay olishsagina, bu bosqichga qabul qilinadi. Xullas, oʻquv dasturlari boʻyicha katta farqlar mavjud emas, ammo masʼuliyat talabaning oʻzida!

Minnesota universiteti kollejlarida oʻquv jarayonlari uchun hamma sharoit bor, auditoriyalar 6-8 talabadan iborat kichik guruhlarga moʻljallangan, maʼruza xonalari ham katta emas. Yillik qabul kvotasi 104 tani tashkil etadi, yaʼni 104 nafar talaba veterinariya meditsinasi yoʻnalishiga oʻqishga qabul qilinadi. Oʻquv rejalari 4 yillik oʻqishga moʻljallangan boʻlib, universitetning pedagogik hayʼati tomonidan tasdiqlanadi. Kollejda, albatta Amerika kredit tizimi asosida oʻqitiladi va biznikidan farqli oʻlaroq, 1 kredit 45 soatga, bizda esa Yevropa kredit tizimi asosida 1 kredit 30 soatga moʻljallangan. Bizda har bir semestrga 30 kredit miqdorida teng boʻlingan, 4 oʻquv yiliga jami 240 kreditni tashkil etadi. Ularda esa aksincha, har oʻquv semestrida oʻqitiladigan fanlarning xususiyatidan kelib chiqib kreditlar miqdori belgilangan. Oʻquv rejasida fanlarning boʻlimlari, qismlari alohida fan sifatida oʻqitiladi. Misol uchun, 5 ta asosiy klinik fanlardan biri boʻlgan – ichki yuqumsiz kasalliklar fani kollejda har bir hayvon turlari boʻyicha darslar chuqurlashtirilib oʻtiladi.

Oʻquv rejasiga kiritilgan fanlar XEB tavsiyasiga koʻra, tuzilgan 21 ta fanlardan ularda 18 tasi, qolgan uchtasi talabaning tanloviga koʻra oʻqitiladi. Bizda XEB tavsiya qilgan 17 ta fan oʻqitiladi. Xuddi bizdagidek oʻquv rejada mutaxassislik boʻyicha majburiy fanlar va tanlov fanlari mavjud. Oʻquv dasturining 70 foizi mustaqil taʼlim olishga yoʻnaltirilgan. Talaba koʻproq oʻz ustida ishlaydi. Har bir talaba yoʻq deganda bittadan noutbuk, qolgani 2 yoki 3 tadan noutbuk ishlatayotganiga koʻzimiz tushdi. Fanlardan imtihonlar individual tarzda emas, guruh shaklida olib boriladi. Yana bir qiziq jihati – 1 kursdan ularda liderlikni rivojlantirish boʻyicha alohida dars soatlari qoʻyilgan. Ularda ham bizdagidek yozgi va qishki semestr bor. Mazkur kollejda 400 dan ziyod bakalavriatda, 90 nafar magistraturada talabalar oʻqiydi.

Songa emas sifatga eʼtibor qaratiladi

Talaba oʻtish balini toʻplay olmasa qaytadan oʻqiydi yoki chetlashtiriladi (bunda uning faolligigiga, ilmiy maqolalariga eʼtibor berilar ekan), bizda esa kursda qoldiriladi. Bizda bu vaziyatda 4 yil oʻqish uchun bakalavriatda 8 yilgacha, magistraturada 4 yilgacha ruxsat berilgan.

Talabaning masʼuliyati katta boʻlib, u oʻylaydi: “Agar shu kreditni toʻplay olmasam, fanni oʻzlashtira olmayman, demak mutaxassis ham boʻla olmayman!”. Masʼuliyatning koʻp qismi talaba zimmasida, oʻqituvchida emas. Oʻquv jarayonida asosiy figura professor-oʻqituvchi emas, taʼlim oluvchi talabaning oʻzi!

Bekor turgan yoki yurgan yoshlarga koʻzingiz tushmaydi, hammasi nima bilandir mashgʻul. Oʻquv korpuslari yoʻlaklarida yotib olgan, yonida 2 ta noutbuk va tushligi hamda boshqa kerakli narsalari boʻlgan talabalarga bizning koʻzimiz uncha oʻrganmagan, ammo ularda bu holat tabiiylik hisoblanadi va hech kim ajablanmaydi.

Shuningdek, bitiruvchilarni ish bilan taʼminlanishi boʻyicha monitoring olib borilmaydi. Biz shu masala bilan qiziqib koʻrganimizda, “... bunga ehtiyoj yoʻq, chunki ular 100 foiz ish bilan taʼminlanadi”, degan javobni oldik. Kompaniyalar, firmalar va klinikalar bitiruvchiga oʻzlari ish yuzasidan taklif bilan kelisharkan. Demak, ularda bitiruvchilarni ishga joylashtirish boʻyicha monitoring yoʻq, sababi – bitiruvchilar 100 foiz ishga qabul qilinadi. AQSHda veterinariya sohasi boʻyicha mutaxassislar tanqis hisoblanar ekan. Ammo, bitiruvchi birgina diplom bilan ishlay olmaydi, har bir shtatning ruxsatnoma (litsenziya) beruvchi tashkiloti bor, har 2 yilda litsenziya yangilab turilishi kerak. Litsenziya olishning eng birinchi va asosiy talabi – shtatning qonunlarini bilishi shart. Yoshlar bakalavriat bosqichini tamomlaganidan soʻng 2 – 3 yil ishlab chiqarishda faoliyat koʻrsatib, malaka oshirib, tajriba orttirib, birdan doktoranturada oʻqishni davom ettirishi ham mumkin ekan, demak, bu holatda magistraturada oʻqish talab etilmaydi.

Ijtimoiy sharoit faqat sifatli taʼlimga qaratilgan. Universitet va kollej hududida talaba uchun ham oʻqituvchi uchun ham qulay ijtimoiy sharoit yaratilgan. Binolar, auditoriyalar, yoʻlaklar, kutubxona, kafelar asosan talabalar uchun xizmat qiladi. Universitet oʻquv binolari ikki katta shaharlarda (Minnapolis va San Paul) joylashgan boʻlib, talaba va oʻqituvchilar uchun kampuslararo bepul avtobuslar maxsus grafik boʻyicha qatnaydi. Mintaqada iqlim sovuq hamda qish uzoq vaqt davom etganligi uchun har bir oʻquv binosi, laboratoriyalar, kutubxonalarni bir-biriga bogʻlovchi yer osti va yer usti tunellari barpo etilgan (Talabalarning sovuqda tashqarida yurishi shart emas).

Oʻqituvchi ishlashi va pedagogik texnologiyalarni qoʻllash uchun har bir auditoriyada zamonaviy maxsus axborot kommunikatsiya jihozlari (elektron doska, mikrofon, proyektor va hokazo) bilan taʼminlangan (latta va boʻr ishlatilmaydi). Oʻquv jarayoni uchun adabiyotlarni taʼminlash uchun Axborot resurs markazi faoliyat koʻrsatmoqda. Markazning har bir yoʻnalish uchun alohida boʻlimlari bor. Barchasi bitta elektron tizimga ulangan. Talaba istagan joyidan turib undan foydalana oladi. Oʻquv laboratoriyalarida talabalar oʻqituvchi ishtirokida yoki ayrim hollarda oʻzlari amaliyot oʻtkazishadi. Shuningdek, oʻquv klinikasi hamda vivariysida saqlanadigan kasal va sogʻlom hayvonlar uchun ham maksimal qulay yashash sharoiti yaratilgan. Veterinariya meditsinasi kollejining oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish laboratoriyasi va oʻquv auditoriyalarida ham oʻta zamonaviy va qulay sharoitlar mavjud. Talabalar dastlabki bosqichlarda anatomiya va fiziologiya kabi fanlarni chuqur oʻzlashtirib, yuqori kurslarda klinik fanlardan diagnostika qilish hamda davolash tadbirlarini hayvonlarda oʻz koʻzi bilan koʻrib, qoʻllari bilan bajarish uchun barcha imkoniyatlar qilingan.

Dunyo tomon yuzlandik

Endilikda SamVMIda Xalqaro Epizootik Byuroning maxsus kabineti tashkil etiladi. Byuro eksperti Dmitriy Morozov joriy yilning may oyida mamlakatimizga tashrif buyurishi kutilmoqda. Amerika safari davomida ekspert bilan bu mavzuda muloqot qildik, rejalarimiz va maqsadlarimiz bilan oʻrtoqlashdik. U bu loyihaga oʻz hayrixohligini maʼlum qildi. Kelajakda XEBning maxsus kabineti SamVMIda tashkil etilishi – bu biz uchun katta imkoniyat va masʼuliyat demakdir. Demak, dunyo tomon yuzlanamiz.

Xullas, Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash sohasidagi tub oʻzgarishlar, sohada erishilgan yutuqlar hamda natijalar yanada samaraliroq tus oladi. Xalqaro Epizootik Byuro bilan hamkorlikning yangi davri boshlanadi, deya umid qilish mumkin.

Xudaynazar YUNUSOV,

Samarqand vetenariya meditsinasi instituti rektori,

biologiya fanlari doktori, professor,

Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan chorvador

Maria Sol Perez

Minnesota universitetining Twinning dasturi boʻyicha masʼul xodimi,

“Hayvonlar kasalliklari va oziq-ovqat havfsizligi markazi” direktor oʻrinbosari