Sanʼatsevar xalqmiz. Bayramlarimiz, toʻy-tomoshalarimiz, qoʻyingki, har qanday xursandchiligimiz kuy-qoʻshiqlarsiz oʻtmaydi. Shu bois mamlakatimizda milliy sanʼatimizni rivojlantirish, ijod ahlini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, sohada sogʻlom raqobat muhitini yaratishga alohida eʼtibor qaratib kelinmoqda.
Keyingi yillarda yosh iqtidor egalarini kashf etish, ularning oʻz isteʼdodlarini toʻla namoyon qilishlari uchun qulay sharoit yaratildi. Yoshi ulugʻ ustoz sanʼatkorlarning hurmati joyiga qoʻyilib, ularni eʼzozlash har qachongidan ham kuchaydi. Bunday ezgu ishlar zamirida sanʼat va madaniyat ravnaqi orqali xalqimiz, ayniqsa, navqiron avlod maʼnaviyatini yuksaltirishdek ulugʻvor maqsadlar mujassam ekani har birimizni cheksiz quvontiradi.
Prezidentimizning 2022-yil 13-iyuldagi “Konsert-tomosha faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslardan davlat bojini undirish hamda ularni soliqqa tortish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Farmoni soha rivojida yangi imkoniyatlarni belgilab berishi bilan ahamiyatlidir.
Koʻpchilikka ayon: sanʼatkorlardan davlat boji undirish va ularni soliqqa tortish shu vaqtga qadar anchayin tartibsiz amalga oshirib kelindi. Mazkur toʻlovlarning shaharlarda faoliyat yuritayotgan ijod ahli daromadlarini hisobga olib belgilanishi, yaʼni nisbatan yuqori ekani markazdan chekka va olis hududlarda faoliyat olib borayotgan soha vakillariga qiyinchilik tugʻdirardi. Bu esa ularning imkoniyatlarini cheklar, aksar hollarda noqonuniy faoliyat yuritishiga olib kelardi. Shu maʼnoda qanchadan-qancha isteʼdod sohiblari litsenziya ololmay, oʻzini koʻrsatolmay, omadini boshqa yoʻnalishlardan izlagani bor gap.
Endilikda bu boradagi ovoragarchiliklar, qiyinchiliklar, muammolar bartaraf etildi. Yaʼni mazkur Farmon bilan konsert-tomosha faoliyatini amalga oshirish litsenziyasi uchun davlat bojini undirish va ushbu litsenziyaga ega shaxslarni soliqqa tortish tizimi takomillashtirildi. Sanʼatkorlar uchun qulay ijodiy muhit yaratildi.
Yangi tartibga asosan konsert-tomosha faoliyatini amalga oshirish litsenziyasi uchun davlat boji sezilarli pasaytirilmoqda, soliq miqdori kamaytirilyapti. Konsert-tomosha faoliyatini litsenziya asosida amalga oshiruvchi ijrochilarning reyting guruhlari soddalashtirilib, ularning soni oltitadan uchtaga qisqartirildi.
Hujjatda aholiga konsert-tomosha xizmatlarini koʻrsatish huquqi ijrochilarning reyting guruhlari orasida qanday taqsimlanishi alohida-alohida belgilab qoʻyildi. Unga muvofiq, birinchi reyting guruhi ijrochilariga respublika hududida va uning tashqarisida yakkaxon konsert tashkil etish, ikkinchi va uchinchi reyting guruhlari ijrochilari uchun nazarda tutilgan huquqlardan foydalanish imkoniyati berilmoqda.
Ikkinchi reyting guruhi ijrochilari bitta janrning ikki va undan koʻp ijrochilari ishtirokidagi konsert-tomosha dasturida, turli janrlar yoʻnalishlarining bir nechta ijrochilari ishtirokidagi konsert-tomosha dasturida qatnashishi, ommaviy axborot vositalarida qoʻshiqlar va videokliplarni taqdim etishi, uchinchi reyting guruhi ijrochisi uchun nazarda tutilgan huquqlardan foydalanishi mumkin.
Uchinchi reyting guruhi ijrochilariga toʻy, yubiley hamda boshqa marosim va tantanalarda, jumladan, toʻyxona, restoran, klub, diskoteka, bar va qahvaxonalarda va xususiy uylarda konsert-tomosha xizmatlarini koʻrsatish, sozandalar, raqqos va raqqosalar tomonidan bitta janrning ikki hamda undan koʻp ijrochilari ishtirokidagi konsert-tomosha dasturlarini tashkil etish va ularda qatnashish huquqiga ega boʻldi.
Hujjat bilan davlat boji va soliq stavkalari pasaytirilgani soha vakillarini quvontirgan alohida jihat. Dunyo tajribasiga ham eʼtibor bersak, bu boradagi tartiblar gʻoyat sodda va ixchamdir. Bu yashirin iqtisodiyotni kamaytiradi. Ijod ahlining turli byurokratik toʻsiqlar va sansalorliklarga duch kelishining oldini oladi.
Oʻzbekistonda ham bu borada tashlangan qadam xayrli boʻlishiga shubha yoʻq. Endilikda I reyting guruhi uchun bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravari miqdorida, II reyting guruhi 10 baravari miqdorida, III reyting guruhi 3 baravari miqdorida davlat boji toʻlaydi. Yoshga doir pensiya olish huquqiga ega boʻlgan shaxslar, nogironligi boʻlganlar, talabalarning davlat bojini toʻlashdan butunlay ozod etilgani esa insonparvarlik siyosatining yana bir ifodasi boʻldi.
Yangi tartibga koʻra, konsert-tomosha faoliyatini litsenziya asosida amalga oshiruvchi jismoniy shaxslarga daromad soligʻini deklaratsiya asosida yoki qatʼiy belgilangan miqdorda toʻlash huquqi berilmoqda. 2024-yil 1-yanvardan boshlab xonandalardan, 2026-yil 1-yanvardan boshlab qolgan ijrochilardan daromad soligʻi faqat deklaratsiya asosida undiriladi.
Shu vaqtga qadar har oyda ijtimoiy soliq toʻlab kelgan soha vakillari endilikda bir yilda bir marotaba faqat daromad soligʻi toʻlaydi. Deklaratsiya asosida soliq toʻlashni tanlagan ijrochilar uchun yillik umumiy daromadning 30 foizi miqdoridagi xarajatlar tasdiqlovchi hujjatlar talab etilmagan holda chegiriladi. Tasdiqlangan xarajatlar summasi umumiy daromadning 30 foizidan oshgan taqdirda qoʻshimcha ravishda ushbu daromadning 10 foizi miqdori chegiriladi. Litsenziya olish uchun undirilgan davlat boji va ijtimoiy soliq summalari xarajat sifatida qayd etiladi hamda daromadlar tarkibidan chiqariladi.
Qatʼiy belgilangan miqdordagi soliq toʻlashni tanlagan ijrochilardan daromad soligʻi bir yilda bir marta I reyting guruhi ijrochilaridan 2,7 million soʻm miqdorida, II reyting guruhi ijrochilaridan 1,8 million soʻm miqdorida, III reyting guruhi ijrochilaridan bir million soʻm miqdorida undriladi. 2024-yil 1-yanvarga qadar III reyting guruhi ijrochilari qatʼiy belgilangan miqdordagi soliq toʻlashdan ozod etiladi.
2025-yil 1-yanvarga qadar konsert-tomosha faoliyatini litsenziya asosida amalga oshiruvchi jismoniy shaxslar mehnat shartnomasi asosida band boʻlmagan taqdirda, ulardan konsert-tomosha faoliyati boʻyicha ijtimoiy soliq bir yilda bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida undiriladi.
Konsert-tomosha faoliyatini litsenziya asosida amalga oshiruvchi jismoniy shaxslarning yuridik shaxslarga xizmat koʻrsatishdan olgan daromadlaridan, ular tomonidan tanlangan soliq rejimidan qatʼiy nazar, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi va ijtimoiy soliq toʻlov manbaida ushlab qolinadi. Yuridik shaxs tashkil etgan holda konsert-tomosha faoliyatini litsenziya asosida amalga oshiruvchi ijodiy jamoalar jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi va ijtimoiy soliqni yuridik shaxslar uchun oʻrnatilgan tartibda toʻlaydi.
Farmon bilan sohada zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish ham belgilangan. Bu ham sanʼat vakillariga osonlik yaratadi. Shu maʼnoda Prezidentimizning “Konsert-tomosha faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslardan davlat bojini undirish hamda ularni soliqqa tortish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Farmoni sanʼatkorlarga keng qulayliklar yaratib, ularning oʻz ishiga ishtiyoqini, mehrini yanada oshiradi.
Ularni shu vaqtga qadar boʻlgan turli sarsongarchiliklar, byurokratik tartiblardan qutqaradi. Bu ham boʻlsa, mamlakatimizda “Inson qadri uchun” degan ezgu tamoyilning yana bir hayotiy namoyoni desak, aslo adashmaymiz.
Ozodbek Nazarbekov,
Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri