Tashkil etilgan tanlov bu yoʻnalishda taʼlim olayotgan yosh isteʼdodlarga nafaqat oʻz mahoratlarini namoyish etish, balki professional tajriba almashish pirovardida, oʻz sohasining yetuk mutaxassislaridan qimmatli maslahatlar olish imkoniyatini ham berdi. Tanlov ishtirokchilarining oʻzbek va jahon mumtoz kompozitorlari asarlaridan tuzilgan ijro dasturlarini mahorat bilan ijro etishlari, qizgʻin bahsli kurash jarayonlari, oʻzaro doʻstona olqishlar, qolaversa, ularning koʻzlaridagi xursandchilik, shod-xurramlik Respublikamizda yoshlarga oid davlat siyosatining amaldagi koʻrinishidir, desak xech mubolagʻa boʻlmaydi.
1998-yildan muntazam oʻtkazib kelinayotgan ushbu tanlovning bu yilgi saralash bosqichida ishtirok etish imkonini 143 nafar ishtirokchi qoʻlga kiritdi. Musiqa shinavandalarining anʼanaviy sanʼat va madaniyat bayramiga aylangan ushbu tanlovni ishtirokchilar intiqlik bilan kutishgan edi. Kichik guruh (11-13 yosh) va katta guruh (14-15 yosh) ishtirokchilar oʻrtasida oʻtkazilgan ushbu tanlov yogʻoch-damli, mis-damli va zarbli cholgʻular yoʻnalishlarida olib borildi. Ishtirokchilarning ijodiy ijro mahoratini har bir yoʻnalish boʻyicha nufuzli oliy darajadagi hakamlar hayʼati oqilona baholab borishdi.
Tanlov soʻngida Respublikamizning turli hududlaridan tashrif buyurgan mehmon ishtirokchilar uchun poytaxtning koʻzga koʻringan mashhur qadimiy obidalari, muzeylari va koʻngilochar joylariga sayohat tashkillashtirildi.
Tanlovning tantanali yopilish va taqdirlash marosimi Oʻzbekiston davlat konservatoriyasining katta zalida boʻlib oʻtdi. Tadbir tashkilotchilari navbat bilan soʻzga chiqib, ishtirokchilarni bugungi erishayotgan muvaffaqiyatlari bilan tabrikladi. Marosimda 63 nafar ishtirokchilar birinchi, ikkinchi, uchinchi oʻrin gʻoliblari boʻlganliklari eʼlon qilindi.
Bayramona konsertning yorqin dasturida Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qoʻmondonining oʻrinbosari S.D.Mamayusupov va Oʻzbekiston bastakorlari va kompozitorlari uyushmasi raisi R.Abdullayevlar gʻolib ishtirokchilarni diplom, estalik statuetkalari hamda “Sogʻlom avlod” xalqaro xayriya fondi tomonidan estalik sovgʻalar bilan taqdirladilar.
Damli va zarbli cholgʻu ijrochilarining “Sanʼat gʻunchalari” XXIII Respublika tanlovning yopilish marosimiga bagʻishlangan konsert dasturida Respublika va xalqaro tanlovlar laureatlari va Harbiy musiqa akademik litseyining damli va zarbli cholgʻular orkestri tomonidan M.Qoʻchqorovning “Zafar”, Z.E.Salixovning “Umid”, Mixo Xazama qayta ishlagan “Triller”, Viktor Kurniskiyning “Franck-Rok”, B.Shyolokovning “Bolalar uchun konsert”, A.Vivaldining “Yestate”, Yevgeniya Jivayev aranjirovka qilgan Botir Zokirovning qoʻshiqlari va oʻzbek kuylariga “Poppuri” va boshqa musiqiy nomerlar ijro etildi. Konsert soʻngida 2 ta viloyat va Harbiy musiqa akademik litseyiga “Yamaha” kompaniyasi tomonidan qimmatbaho cholgʻu asboblar tuhfa etildi.
Dildora KAMOLOVA,
Harbiy musiqa akademik litseyi
katta oʻqituvchisi