Sanʼat yoʻliga tushdim — sanʼat saodatimdir

    Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston xalq artisti Xayrulla Lutfullayev lirik xonanda sifatida qoʻshiq shaydolari qalbini allaqachon zabt etib ulgurgan sohirnafas sanʼatkor. Uning “Men sevaman, sen sevasanmu?” qoʻshigʻini yod bilmagan muxlis boʻlmasa kerak.

    Shunday qilib, bugungi suhbatdoshimiz — elimiz sevgan sanʼatkor Xayrulla Lutfullayev.

    Xayrulla Lutfullayev degan nom bu­gungi zamonaviy til bilan aytganda, oʻzi­ga xos brendga aylangan. Bu nomni shuncha yillar davomida xalqimiz orasida gard tekkizmasdan toza holda saqlab kelayotga­ningiz esa oʻziga xos masʼuliyat va mehnat samarasidir. Sanʼat orqali nomingiz na­faqat Oʻzbekistonga, balki butun dunyoga tanildi. Shu nuqtayi nazardan, dastlabki savolimiz: aslida, sanʼat siz uchun nima?

    — Sanʼat nafaqat ijod, balki hayotim­ning maʼnaviy maʼnosidir. Chunki sanʼat in­son qalbini poklaydi, yurakka quvvat beradi. Sanʼat men uchun faqat kasb emas, vijdon, masʼuliyat va umrim mazmunidir. Men 1968- 1969-yillarda xalqimiz orasida qoʻshiqlarim bilan tanila boshlaganman. Ayniqsa, hamma­ning yodida qolgan oʻsha mashhur “Men sevaman, sen sevasanmu?” qoʻshigʻi meni elga tanitgan. Shu qoʻshiqni ijro etganimdan soʻng xalq mu­habbati va eʼtiborini his qilganman. Sheʼr matnini Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi, shoir Poʻlat Moʻ­min yozgan. Shu qoʻshiq orqali biz yaxshi doʻst va hamsuhbat boʻlib qoldik. Poʻlat aka har gal yangi sheʼr yozsa, “Xayrulla, kelib oʻqib koʻr, agar maʼqul boʻlsa, qoʻshiq qilib ayt”, der edi. Yillar oʻtib, uning juda koʻp sheʼrlariga kuy bastaladim. Poʻlat aka bir kuni qoʻlimga bir sheʼrni tutqazib, “Sahnaga chiqib, xalqqa taʼ­zim qilganingdan soʻnggina shuni qoʻshiq qilib ayt”, dedi. Sheʼr quyidagicha boshlanar edi:

    Sanʼat yoʻliga tushdim — sanʼat saodatimdir,

    Xalqim baxtini kuylash har kungi odatimdir.

    Oshiq kulsa kulurman, maʼshuq kuysa kuyurman,

    Bu menga ermas oson, sanʼat mashaqqatimdir.

    Haqiqatan, har bir sohaning oʻziga xos ma­shaqqati bor. Sanʼat ham shunday. U oson yoʻl emas. Alloh har bir insonga qaysi sohani buyurgan boʻlsa, oʻsha sohada ijod qiladi, shu yoʻlda yelib-yugurib, izlanib, oʻqib-oʻrganib xalq muhabbatiga sazovor boʻladi. Men ham sanʼatdagi bu saodatli yoʻlga mashaqqatli yillar, izlanish, oʻqish va oʻrganishlar orqa­ligina yetganman.

    Adashmasam, qariyb 30 yil davomida “Bahor” ansamblida xonanda sifatida fao­liyat yuritgansiz. Yaʼni bu yillar davomida ansamblning dunyo kezishida, uning nufuzi­ni yuksaltirishda hissangiz boʻlgan. Bir paytlar boʻldiki, “Bahor” ansamblining mavqei ancha susayib ketdi. Hatto deyarli yoddan ham chiqib ketgandek boʻlgandi. Ammo 2020-yilda Prezidentimiz qarori bilan Mukarrama Turgʻunboyeva nomidagi “Bahor” davlat raqs ansambli qayta tiklandi. Bu xabar, ayniqsa, siz uchun quvonchli boʻlib, juda katta taʼsir qilgan boʻlsa kerak?

    — “Bahor” ansamblida qariyb 30 yil ish­ladim. Bu jamoa men uchun ikkinchi oilamdek aziz boʻlgan. Haqiqatan, yillar boʻldi, an­samblning nomi kam eshitiladigan boʻlib qoldi. Shu davrda koʻcha-koʻyda, toʻy va konsert­larda muxlislarim “Xayrulla aka, “Bahor” ansambliga nima boʻldi, nega konsert das­turlari berilmayapti? Axir u yerda Qahramon Dadayev, Maʼmura Ergasheva kabi xalq sevgan sanʼatkorlar faoliyat yuritgan-ku”, deya sa­vol berardi. Men esa mahzun boʻlib, “Xudo xohlasa, yana tiklanadi, hali xalq xizmatiga qaytamiz”, derdim. Ming shukrki, 2020-yil­da davlatimiz rahbari tashabbusi bilan “Ba­hor” ansambli qayta tiklandi. Qaror chiqqan kuni menga telefon qilishdi: “Xayrulla aka, tez keling, muhim gap bor”, deb. Borsam, sanʼat sohasining bir qancha yirik vakilla­ri yigʻilib oʻtiribdi. Meni koʻrib, quchoqlab, “Tabriklaymiz, Prezidentimiz qarori bilan “Bahor” ansambli qayta tiklanadi endi.

    Davlatimiz rahbari “Xayrulla aka bilan ham maslahatlashinglar”, degan ekan”, deyishdi. Ishonasizmi, bu soʻzlarni eshitgan damimdagi his-tuygʻularimni ifodalash qiyin. Bir yoqda qaror chiqishi, bir tomonda Prezidentimiz soʻzlari. Oʻsha jarayondagi holatimni taʼrif­lash qiyin. Bu men uchun faqat ish joyining qayta tiklanishi emas, balki hayotimning qay­tadan maʼno topishi edi.

    Aslida, “Bahor” nafaqat ansambl, balki oʻzbek sanʼatining bayroqdori, milliy yuzi­miz edi. Shundan keyin ishlar qizgʻin boshlan­di. Ansamblga har hafta borib, maslahatlar berdim. Yangi musiqa rahbarini tayinladik. Mukarrama Turgʻunboyeva sahnalashtirgan mashhur raqslar qayta tiklandi.

    Qisqa fursat ichida “Bahor” ansambli yana dunyoga chiqdi. Tojikiston, Ozarbayjon, Tur­kiya, Fransiya, Rossiya, Janubiy Koreya, Hin­diston, Italiya kabi mamlakatlarda chiqish qilib, oʻzbek raqs va qoʻshiq sanʼatini namo­yish etdi. Bir vaqtlar biz “Bahor” bilan besh­ta qitʼani kezib chiqqanmiz.

    2024-yilda Prezidentimiz qoʻlidan “Oʻz­bekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi” faxriy unvonini olish­ga muyassar boʻldim. Taqdirlash marosimida soʻzga chiqib, koʻnglimda qolib ketgan dil iz­horlarimni ochiq bayon etdim. “Xudoga shukr, armonga aylanayozgan orzumiz amalga oshdi”, dedim. Chunki “Bahor” davlat raqs ansambli­ning qayta tiklangani madaniy hayotimizda ulkan voqelik boʻldi.

    Soʻzlaringizdan bilyapmizki, “Ba­hor” ansambli oʻz davrida Oʻzbekistonning sanʼat sohasidagi tashrif qogʻoziga ay­langan. Mana, oradan 5 yil oʻtdi. Hozirgi kunda ansambl faoliyati qanday kechmoq­da? Ilgarigidek dunyo sahnalariga chiqish, yuqori nufuzni saqlab qolish uchun imko­niyatlar yetarlimi?

    — Albatta, ilgarigi “Bahor” bilan ho­zirgisini taqqoslashda ozgina farq bor. Mu­karrama Turgʻunboyeva rahbarlik qilgan payt­larda ansamblda 45 nafar raqqosa qiz, 25-30 sozanda bor edi. Bugungi kunda raqqosa va sozandalar soni unchalik koʻp emas, ammo ham­masi qobiliyatli va mehnatsevar. Hozir ham “Bahor” kichikroq tarkibda boʻlsa-da, chet el safarlariga chiqib, oʻzbek sanʼatini namoyish etib kelayotgani quvonchli. Agar oʻsha davrdagi kabi toʻliq tarkib, imkoniyat va shart-sharoit­lar yaratilsa, men ishonamanki, ansambl yana dunyo sahnalarini zabt etadi. Chunki bu jamoa milliy ruhi, raqs va kuylarining noyob ji­hatlari bilan ajralib turadi.

    Siz “Bahor” ansambliga Qahramon Dadayev va Baxtiyor Yoʻldoshev tavsiyasi bi­lan kirgansiz. Oʻsha davrda ustoz-shogird anʼanalari ham kuchli boʻlgan. Hozir-chi? Bugungi kunda ham bu anʼana davom etmoq­dami? Yoshlardan yetuk sanʼatkorlar dara­jasidagi shogirdlar yetishib chiqyaptimi?

    — Prezidentimiz tomonidan sanʼat va madaniyat sohasiga juda katta eʼtibor qarati­lib, keng imkoniyatlar berilmoqda. Buning sa­marasi oʻlaroq, ota-onalarning oʻgʻlim yoki qi­zim ulugʻ sanʼatkorlarga oʻxshasin degan ezgu niyatlari tufayli ham bugun Oʻzbekiston dav­lat sanʼat va madaniyat institutida koʻp iqti­dorli yoshlar tahsil olmoqda. Institutimizda xalq artistlari, xizmat koʻrsatgan hofizlar, taniqli pedagoglar talabalarga dars berib kelmoqda. Ular orasidan allaqachon davlat mukofotlarini olgan, koʻzga koʻringan sho­girdlar yetishib chiqdi. Ammo buning asosida bitta narsa yotadi, yaʼni talabaning ishtiyoqi. Agar sanʼat sohasiga qadam qoʻyayotgan yoshlar­da boʻlajak kasbiga qiziqish, intilish boʻlsa, ularga saboq berayotgan ustozi ham charchamay­di. Ayrim shogirdlar shunday ishtiyoq bilan keladiki, hatto darsi boʻlmagan paytda ham kirib: “Ustoz, men boʻsh edim, iltimos, meni eshitib koʻring”, deydi. Bu — chin maʼnodagi chanqoqlik. Hozirgi yoshlar shunday isteʼdod­li. Ularga yaratilayotgan imkoniyatlar katta. Ijtimoiy tarmoqlar, onlayn platformalar, zamonaviy studiyalar — barchasi bisyor. Shu bois, aytish mumkinki, bugungi iqtidorli av­lod ertangi sanʼatning yorugʻ yuzi boʻladi.

    Xususan, davlatimiz rahbarining sanʼ­atga eʼtibor va gʻamxoʻrligini bitta “Bahor” ansambliga emas, balki butun sohamizga, barcha yoʻnalishlarga nisbatan koʻrish mum­kin. Masalan, “Maqom” ansambli tiklani­shi, Zominda oʻtkazilgan maqom festivali, “Durdona” yoki baxshichilik festivallari — bularning barchasi milliy sanʼatimizga eh­tiromning yorqin namunasidir. Baxshichilik anʼanasi ancha vaqt orqada qolgan edi, ammo bugun sanʼatning bu yoʻnalishi ham yana yuk­sak sahnaga chiqdi. Hozir butun dunyodan kelayotgan sayyohlar Xivada, Samarqandda, Buxoroda folklor va baxshichilik sanʼa­tini zavq va hayajon bilan tomosha qilyapti. Ular sanʼat orqali oʻzbek xalqining qalbi­ni, ruhini his etyapti. Bu biz uchun gʻurur va iftixor. Oʻzbek millatining boy madaniya­ti, sanʼati dunyoga tanilayotgani juda goʻzal jarayon.

    Sanʼatimizning turli yoʻnalishla­rini tilga oldingiz: qoʻshiqchilik, raqs, maqom, baxshichilik, folklor… Chet dav­latlarda oʻzbek sanʼatining aynan qaysi yoʻnalishlari yoki qaysi turlari koʻproq qadrlanishi, qiziqish uygʻotishini kuzat­gansiz?

    — Men, albatta, “Bahor” ansamblini tilga olishim mumkin, chunki bu joy men uchun muqaddas maktab. Shu bilan birga, folklor va baxshichilik sanʼatiga chet elda juda katta qiziqish bor. Chunki ularning madaniyatida bunday boy, tabiiy va qalbdan chiqqan ijro yoʻq. Bizdagi baxshilarning dutori, folklor qoʻshiqlarining sami­miyligi ular uchun sirli va jozibali. Ma­salan, biz xorijga borgan paytlarimizda ularning milliy kuy-qoʻshiqlarini ham oʻr­ganib, oʻzlariga ijro etib bergan paytlari­miz koʻp boʻlgan. Ular hayrat bilan, yurakdan qarsak chalgan.

    Oʻzbek sanʼatining har bir yoʻnalishi oʻzi­ga xos. Qoʻshiq, raqs, soz — bularning har biri qalbga taʼsir qiladi. Ochiq aytishim mumkin­ki, bizdagi kabi mukammal va jozibali sanʼ­at boshqa davlatda yoʻq. Men koʻp mamlakatlar­da boʻlib, katta sahnalarda qoʻshiq aytganman. Hammasiga hurmat bilan qarayman, ammo bizning tanburimizdagi kuyni, dutorning ikki simidan chiqqan titroqni ular ijro eta olmaydi. Shu ikki sim inson qalbini ham hayajonga, ham quvonchga, ham larzaga soladi. Shuning uchun qayerga bormayin, oʻzbek sanʼati bilan faxrlanaman, shu elning farzandi, shu maktabning shogirdiman deb gʻururlanaman.

    Sanʼat ahli koʻngli juda nozik in­sonlar. Koʻp yillik sahnadagi faoliyatin­gizda sizni taʼsirlantirgan, hayotingizda juda katta burilishlar yasagan voqealar ham boʻlganmi? Shular haqida ham ikki ogʻiz soʻz yuritsangiz.

    — Albatta, boʻlgan. Aslida, oilamiz ko­siblik bilan shugʻullangan. Toʻrtta amakim bor edi, dadam rahmatli oilaning toʻngʻichi boʻlgan. Ular maxsi, kavush, etik tikardi. Biz Fayzulla amakim bilan bitta hovlida turardik. Qolganlari boshqa joyda yashardi. Amakilarimning sanʼatga ishqibozligi juda kuchli boʻlgan. Lekin hammasi madrasada oʻqi­gan. Qurʼonni yoddan bilgan. Otamning ismi Asadulla edi. Qurʼonni ovoz chiqarib, chiroy­li qiroat bilan oʻqirdi. Har kuni qoʻshnilar eshik oldida “Asad aka Qurʼon oʻqiyapti”, deb eshitib turardi. Shu ovozlar bolaligimdan qalbimga oʻrnashib qolgan.

    Onamning allasi ham men uchun ilk musiqa boʻlgan deyish mumkin. Onam singlimni be­shikka yotqizib, alla aytardi. Men esa oʻynayot­gan oʻyinimni ham tashlab, onamning allasi­ni eshitib oʻtirardim. Ana shu “alla-yo, alla” degan ovozlar yuragimga shunday singganki, mendagi sanʼatga muhabbat onamning ovozi­dan, ona sutidan oʻtgan, desam yanglishmayman.

    Yoshligimda Fayzulla amakim xirgoyi qi­lib, Maʼmurjon Uzoqov, Joʻraxon Sultonov, Komiljon Otaniyozov kabi buyuk hofizlar qoʻshiqlarini aytar edi. U paytlarda har bir xonadonda simli radio boʻlar va doim yoniq turardi. Men oʻsha ovozlarni eshitib ulgʻay­ganman. Mahallamizda otamning yaqin qarin­doshi, Oʻzbekiston xalq hofizi Muhammad­jon Karimov istiqomat qilardi. Ovozi juda shirin, qoʻshiqlari koʻngilga orom bagʻishlar­di. Mahalladagi hamma toʻylarni u oʻtkazar­di. Toʻyda bolalar yugurib, oʻynab yursa, men uning qoʻshiqlarini tinglab, yodlab, oʻrganib oʻtirardim. Sanʼatga muhabbatim uch tomondan oʻtgan — onamning allasidan, otamning qi­roati va mahallamdagi ulugʻ sanʼatkorlar na­fasidan. Shuning uchun shu yoʻlni tanladim. Bu yoʻl mening ham mashaqqatli, ham sharafli taqdirimga aylandi.

    Demak, siz sevib ijro etgan qoʻshiq­lardagi nolalar va sehrli soʻzlarning man­bai aynan shu haroratli muhit ekan-da?

    — Aynan shunday! Endi “Bahor” ansambli­ga kirishim haqida ham aytishim lozim. Men poytaxtimizning Savon koʻchasida, Qoʻshtutda tugʻilib oʻsganman. Eski Joʻvada Oxunboboyev nomidagi madaniyat uyi boʻlardi, keyinchalik Toshkent shahri madaniyat uyi boʻldi. Men oʻsha yerda ishlaganman va konsertmeyster boʻlib xizmat qilganman.

    Ustoz-shogird anʼanasi haqida xotiralaringiz...

    — Yashab turgan hovlimizdan sal teparoq­da Baxtiyor Yoʻldoshev degan juda chiroyli, kelishgan yigit yashardi. U “Bahor” ansambli ochilgan paytdan boshlab ham xonanda, ham so­zanda boʻlib ishlagan. Soz chalishimni koʻrib qolib, “Xayrulla, rubobni zoʻr chalarkansan, ashula ham aytasanmi?” deb soʻragan. “Ha, ay­taman”, deganman va “Jannatning gullaridan gulzoringiz chiroyli, Shoʻxi parizoddan raf­toringiz chiroyli”, deb aytiladigan qoʻshiqni ijro etib berganman. Qizigʻi shundaki, bu Bax­tiyor akaning eng mashhur qoʻshiqlaridan biri boʻlgan. Keyin Faxriddin Umarov qoʻshiqlari­ni ayta boshladim. Shundan soʻng u meni toʻy, tantana va konsertlarga olib boradigan boʻldi.

    Qahramon Dadayev bilan munosaba­tingiz qanday boʻlgan?

    — Qahramon aka yaqin qarindoshimiz edi, ularning uyiga borib, birga vaqt oʻtkazardik. Men qoʻshiq aytardim. “Oʻqishingni bitirgin, “Bahor” ansambliga olib boraman, sening joying oʻsha yerda”, derdi. Koʻrdingizmi, mana shunday ustozlar turtkisi, qoʻl­lovi bilan toʻgʻri yoʻlni tanlaganman. Demak, ustozlar mehnatisiz biror natijaga erishish qiyin. Bizga baʼ­zan “Ustozlar shogird tanlaydimi yo shogird ustoz tanlaydimi?” deb sa­vol berishardi. Men bunga shunday javob beraman: unisi ham boʻladi, bunisi ham. Ustozlar shogirdining yaxshi boʻlishiga koʻzi yetsa, uni tanlab oladi. Yoki shogird “Shu ustozdan bir narsa oʻrganaman, ustozimga oʻxshayman”, deb astoydil niyat bilan harakat qilsa, u ham oʻxshab ketadi.

    Sanʼat bilan birga yoshligingiz­da sport bilan ham jiddiy shugʻullangan ekansiz.

    — Yoshligimda turli sohalarga qiziqib koʻrganman. Sport ham, ayniqsa, futbol shu­lardan biri edi. Masalan, Erkin Abdurai­mov bilan “Spartak” stadionida birga kop­tok tepganmiz. Maktab terma jamoasida ham oʻynaganman. Keyin bolalar sport maktabiga bordim. Yodgor Saʼdiyev kabi tengdoshlar bi­lan birga mashq qilardik.

    Demak, sportdagi oʻsha shijoatingiz­ni bor kuchingiz bilan sanʼatga bagʻishla­gansiz?

    — Ha, shunday boʻldi. Birdaniga mashhur boʻlib ketdim. Televideniyeda “Ogonyok” das­turida chiqib, “Men sevaman, sen sevasanmu?” qoʻshigʻini ijro etdim. Shu kundan boshlab sportga qaytishga imkonim qolmadi, chunki sanʼat va kinodan takliflar kela boshladi. Xudoga shukr, baxtim sanʼatdan ekan deb shu yoʻlni davom ettirib kelyapman.

    Oʻsha “Ogonyok”dagi ilk chiqishingiz ham qiziq jarayon boʻlgan ekan…

    — Ha, eslasam, haligacha koʻz oldimda. Televizorda “Ogonyok”da chiqasan deyishdi. “Nimani aytaman?” deb oʻylab qoldim. “Bit­ta qoʻshigʻim bor, shuni eshitib koʻringlar”, dedim katta-katta sanʼatkorlardan tarkib topgan kengashga. “Qani, ayt-chi, eshitaylik”, deyishdi. Shunda “Men sevaman”ni aytdim. Ular “Ie, zoʻr-ku, mana shuni aytasan”, dedi. Shu kechasi jonli efirda “Men sevaman” ket­di. Ertasiga oʻqishga ketayotsam, avtobusda, koʻ­chada, odamlar — “Kecha “Men sevaman” degan qoʻshiqni shu yigit aytdi-ku”, deb gapirishar­di. Shundan keyin kinolarga, konsertlarga takliflar kela boshladi. Oʻsha damda “Demak, mening baxtim shunda ekan”, deb oʻyladim. Xu­doga shukr, shu baxtni hozirgacha asrab kelyap­man.

    Sportdagi jonkuyarlik va sahnadagi mehr, ikkalasi ham sizda bor. Shu sababli qoʻshiqlaringizda hayot, shijoat va sami­miyat seziladi.

    — Rahmat. Shu muhabbat xalqimizga ham yetib borsin, ilohim. Axir sportchi shiddat­li, intizomli boʻlishi kerak. Qilaman degan ishini oxirigacha qilishi zarur. Bu odat men­da sportdan qolgan. Chunki u yerda ham, sanʼat­da ham mehnatsiz hech narsa boʻlmaydi. Musiqa bilim yurtida oʻqigan paytlarimda Telman parki yonida turardim. Ertalab soat beshda turib, rubobimni olib borib, boʻsh auditoriya topib mashq qilardim. Ikki-uch soat tinmay chalardim. Keyin soat 8 da darslarimiz bosh­lanardi. Har bir kunimda shunday intizom bor edi. Bu mashaqqat emas, bu — mehnatdan zavq olish. Mashq qilasiz, soʻng oʻsha ijroni kimgadir chalib yoki aytib bersangiz, “Ha, zoʻr!” degan soʻzni eshitsangiz, ana shunda in­sonning ichida qandaydir iliq tuygʻu paydo boʻladi, xursandlik, ilhom va yana shu mehnatga qaytish, yanada yaxshiroq qilish istagi...

    Insondagi shijoat, mehnatga muhab­bat uni doimo ilgarilatadi. Siz nafaqat qoʻshiqchilikda, balki kino sohasida ham faol boʻlgansiz. Bir narsa qiziq: siz ki­noga oʻz xohishingiz bilan kirganmisiz yoki mashhurligingiz tufayli sizni sinab koʻ­rishganmi?

    — Keyingisi toʻgʻriroq. Lekin menda sah­naga, aktyorlikka qiziqish ancha ilgari bosh­langan. Maktabda adabiy toʻgarak boʻlardi, shunda Alisher Navoiy rolini ijro etgan­man. Oʻshandanoq menda sahnaga boʻlgan ishtiyoq kuchaygandi. Hamza teatriga yaqin yerda yashar­dik, u yerda Olim Xoʻjayev, Nabi Rahimov, Sora Eshontoʻrayeva kabi buyuklarni koʻp koʻrganman. Ularga mahliyo boʻlib, “Nega men ham shunday boʻlolmayman?” deb oʻzimga savol bergan payt­larim koʻp boʻlgan. Shu ilhom menda orzuni, ishtiyoqni kuchaytirgan.

    Kinoga qadam qoʻyishingiz qanday boshlangan?

    — Bu 1970-yillar edi. Oʻshanda konser­vatoriyaning birinchi kursida oʻqirdim. Bir kuni bir odam keldi-da, “Xayrulla, sizga taklif bor. Uchqun Nazarov “Shiddat” degan film olyapti, sizni kinosinovga chaqirishyap­ti”, dedi. Vaqtim juda tigʻiz edi, konsertlar, toʻylar, studiya ishlari, shu bois, “Vaqtim yoʻq, borolmayman”, dedim. Ammo oʻshanda Muhsin Aliyev qattiq turib, “Yoʻq, borgin. Bu umringda bitta keladigan imkoniyat, senga foyda beradi”, dedi. Kinosinovda men bi­lan birga Toʻgʻon Rejametov va Yoqub Ahmedov ham qatnashgandi. Uch kishining ichida meni tanlashdi. Soʻraganimda, “Sizda jiddiylik, qahramon roliga mos yuz tuzilishingiz bor”, deyishdi. Shu tarzda kinoga kirib kelganman.

    Ustoz, tigʻiz vaqtingizga qaramay, bizga vaqt ajratib, suhbatga rozi boʻlganin­giz uchun sizdan minnatdormiz. Samimiy va dildan qilingan suhbat uchun tashakkur aytish barobarida “Yangi Oʻzbekiston” gaze­tasi tahririyatiga va muxlislaringizga ay­tar dil soʻzlaringiz boʻlsa, marhamat.

    — Men deyarli barcha gazetalarni imkon qadar oʻqib boraman. Ayniqsa, “Yangi Oʻzbe­kiston” gazetasining har bir sonini doimo kuzataman. Tezkorligi, dizayni bilan boshqa nashrlardan ajralib turadi. Xalqimizning yaxshi kunlarini, erishayotgan yutuqlarini, yan­gilik va xabarlarini izchillik bilan yetkazib berishda kamarbasta boʻlayotgan tahririyat ja­moangizga kuch-quvvat tilayman!

    Abu Bakir OʻROZOV suhbatlashdi.