Saneg Slovakiya kompaniyasi bilan hamkorlikda Oʻzbekistonda yuk tashuvchi vagonlarni ishlab chiqaruvchi zavod quriladi

    Joriy yil 25-iyunda Toshkent shahrida “Sanoat Energetika Guruhi”, “Gʻallaaral Management” kompaniyasi hamda Slovakiyaning yetakchi sanoat guruhi “AZC Orbis Invest” oʻrtasida oʻzaro anglashuv memorandumini imzolash marosimi boʻlib oʻtdi.

    Kelishuv doirasida Jizzax viloyatidagi “Gʻallaorol” maxsus sanoat zonasi hududida temir yoʻl tashuvchi vagonlar ishlab chiqaruvchi zavod tashkil etish rejalashtirilgan.

    Hujjatni imzolash marosimida Slovakiya Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Viktor Boretskiy hamda kompaniya rahbarlari ishtirok etishdi.

    “Saneg” bosh direktori Toʻlqin Yusupov yuk vagonlarini ishlab chiqarish zavodi logistika infratuzilmasini sezilarli darajada yaxshilashiga va transport operatsiyalari samaradorligini oshirishga xizmat qilishiga umid bildirdi.

    Yangi korxona vagon-sisternalar, xopperlar, yarimvagonlar hamda yopiq vagonlari singari har xil turdagi vagonlarni ishlab chiqarish boʻyicha toʻliq liniyaga ega boʻladi. Yillik ishlab chiqarish hajmi 2 mingga yaqin vagonni tashkil etadi. Ushbu vagonlar Saneg kompaniyalar guruhi hamda butun Oʻzbekiston logistika tizimini maxsus texnika bilan taʼminlaydi.

    “AZC Grup” ijrochi direktori Robert Spisak texnik bilim va tajribalarini Oʻzbekistonga olib kelganligidan mamnun ekanligini izhor eta turib, mazkur hamkorlik logistika va sanoatda sezilarli yaxshilanishlarga olib kelishiga ishonch bildirdi.

    Slovakiyaning “AZC Orbis Invest” kompaniyasi ishlab chiqarishni muvaffaqiyatli ishga tushirish va yoʻlga qoʻyish uchun zarur boʻlgan texnik tajriba va texnologiyalarni taqdim etadi. Yangi zavod hududning sanoat salohiyatini rivojlantirish va mamlakat logistika infratuzilmasini yaxshilashda muhim qadamga aylanadi, deb xabar beradi saneg.com .