Bu haqida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi maʼlum qildi.
Taʼkidlashicha, Ebola virusi asosan Afrika qitʼasida uchraydigan ogʻir yuqumli kasallik boʻlib, u kasallangan odam yoki hayvonning qon va boshqa biologik suyuqliklari orqali yuqadi.
Maʼlumotlarga koʻra, joriy yilda Afrika mamlakatlarida Ebola bilan kasallanishning 263 ta tasdiqlangan holati qayd etilgan. Ayni paytda Kongo Demokratik Respublikasi epidemiya markazi hisoblanadi.
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti kasallikning global pandemiyaga aylanish ehtimolini past deb baholamoqda.
Qoʻmita maʼlum qilishicha, kasallikning mamlakatga kirib kelishining oldini olish maqsadida davlat chegaralari orqali kirib kelayotgan fuqarolar ustidan doimiy tibbiy kuzatuv olib borilmoqda.
Shu bilan birga, fuqarolarga Ebola virusi keng tarqalgan davlatlarga safar qilmaslik, shaxsiy gigiyena qoidalariga qatʼiy rioya qilish hamda xavfli hududlardan qaytgach, oʻz salomatligini kuzatib borish tavsiya etildi.
Mutaxassislar isitma, holsizlik, qusish yoki ich ketishi kabi alomatlar paydo boʻlgan taqdirda zudlik bilan shifokorga murojaat qilish zarurligini eslatdi.