Unga ko‘ra, Sariosiyo tumanidagi Sangardak qishlog‘iga turizm qishlog‘i maqomi berilishi munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda Turizm qo‘mitasi raisi U.Shadiyev, viloyat va tuman hokimliklari, turizm boshqarmasi mutasaddilari hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
“Sangardak” sharsharasi bilan dunyoga dovrug‘i ketgan mahalla keyingi yillarda yanada ko‘rkam va obod qishloqqa aylandi. Tog‘ qo‘ynida keng, ravon yo‘llar barpo etilib, mahalliy va xorijlik sayyohlar uchun zarur sharoit yaratildi.
Masjid, oshxona va boshqa xizmatlar ko‘rsatish shoxobchalari qurildi. 50 o‘rinli mehmonxona, 200 o‘rinli sanatoriy, 23 ta mehmon uyi tashkil etildi. “Sangardak chevarlari” tikuvchilik korxonasi ishga tushirildi.
Yaqin orada bu qishloq bilan Qashqadaryoni bog‘laydigan yangi avtomobil yo‘li ishga tushiriladi. Bu yo‘l poytaxtdan sayyohlarning vohaga kelishini 4-5 soatga qisqartiradi.
Tadbirda Sangardakka turizm qishlog‘i maqomini beruvchi sertifikat topshirildi.