Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishlari vaziri Aziz Abduhakimov tashabbusi bilan sanitar tozalash xizmatidan samarali foydalanish maqsadida yangi turdagi maxsus texnikalarni joriy etish rejalashtirilmoqda. Vazir taʼkidlaganidek, hozirda mavjud chiqindi tashuvchi mashinalar oʻrniga ekologik jihatdan xavfisiz, boshqarish qulay boʻlgan, kamxarj motoskuterlar xizmatidan foydalanish taklif etilyapti.
Quvvatlantirilganidan keyin 80 km. masofa bosib oʻta oladigan maxsus motoroller kuniga 2-martagacha aholi yashash joylaridan maishiy chiqindilarni olib chiqish imkoniyatiga ega. Ushbu texnikalar chiqindilarni saralagan holda olib chiqib, qayta yuklash stansiyasiga tashishi bilan ham hozirgi yirik transport vositalariga qaraganda foydali hisoblanadi. Natijada tayyor saralangan chiqindilarni yana qaytadan saralashga hojat qolmaydi. Texnika kuchi va xarajatlar tejalishi hisobiga poligonlarda tashkil etiladigan eko-klaster hududining oʻzida chiqindilarni qayta ishlashga erishiladi.
Maʼlumot oʻrnida: yuk tashuvchi motorollerning xarid narxi 32 mln. soʻm boʻlib, hozirgi kunda foydalanilayotgan narxi 869 mln. soʻm boʻlgan chiqindi tashuvchi yirik transportlardan 27 baravar arzondir. Ushbu transportni saqlash, taʼmirlash va ishchi kuchi kabi bir yillik xarajatlari 14 baravar hamda yoqilgʻi sarfi jihatdan esa 5 barobarga tejamkor hisoblanadi.
Ushbu motorollerlar elektrga moʻljallangan. Ahamiyatlisi, ulardan keng foydalanish yoʻlga qoʻyilgach, sohada qoʻshimcha ishchi oʻrinlari soni ortadi. Elektro motorollerlar chiqindilarni “qayta ishlanadigan”, “qayta ishlanmaydigan” va “oziq-ovqat” chiqindilariga saralab tashishga moʻljallangan. Hozirgi chiqindi tashuvchi transportlarda esa chiqindilarni saralab tashishning imkoni yoʻq va bu chiqindilarni qayta ishlash qamrovi darajasi ortishiga sezilarli taʼsir koʻrsatadi.
Dastlabki jarayonda tajriba sifatida chiqindilarni tashishni alohida turlarga ajratish maqsadida 3 turdagi 150 ta motoroller xarid qilinadi. Ushbu transport vositalarini respublikaning barcha hududlarida sinovdan oʻtkazish rejalashtirilgan.