Qayd etilishicha, 2022-yilning 13-yanvar kuni fuqarolik ishlari boʻyicha Toshkent shahar Yakkasaroy tumanlararo sudi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Mualliflik va turdosh huquqlar himoyasi jamiyatining aʼzosi shoir Usmon Azim manfaatida javobgar Sanjar Javberdiyevga (Sanjay) nisbatan mualliflik huquqlari buzilishiga chek qoʻyish, mualliflik huquqlari buzilganligi uchun tovon puli va maʼnaviy zarar undirish toʻgʻrisidagi fuqarolik ishi koʻrib chiqildi.
Mazkur ishni koʻrib chiqish davomida fuqaro Sanjar Javberdiyevning shoir Usmon Azim qalamiga mansub “Karvon” nomli sheʼrdan muallifning roziligini olmagan holda, xususan, kelishuvga erishmasdan yoki shartnoma tuzmasdan foydalanib “Karvon” nomli qoʻshiq ijro etganligi hamda internet orqali ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirganligi oʻz tasdigʻini topdi.
Oʻzbekiston Respublikasi “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar toʻgʻrisida”gi Qonunining 62-moddasiga asosan, huquq egasi yoki mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilot bilan shartnoma tuzmasdan asarlar yoki turdosh huquqlar obyektini takrorlash, tarqatish yoki undan boshqacha tarzda foydalanish mualliflik huquqini buzish hisoblanadi.
Shuningdek, mazkur qonunning 65-moddasiga koʻra, muallif huquqbuzardan bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan ming baravarigacha miqdorda tovon toʻlashini talab qilishga haqlidir.
Shundan kelib chiqib, sud tomonidan taraflar oʻrtasida kelishuvga erishilmaganligi, muallifning roziligisiz uning sheʼridan foydalanilganligi inobatga olinib, javobgar Sanjar Javberdiyevdan shoir Usmon Azim foydasiga bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravari (54 mln. soʻm) miqdorida tovon puli va 40 mln. soʻm miqdorida maʼnaviy zararni undirish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.