Adabiy kechada Sankt-Peterburg yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasalari va kutubxonalar rahbarlari, diplomatik korpus, madaniyat markazlari va oʻzbek diasporasi vakillari, ushbu shaharda tahsil olayotgan oʻzbekistonlik talabalar ishtirok etdi.
Tadbir qatnashchilariga Sankt-Peterburg shahrida joylashgan Rossiya milliy kutubxonasi qoʻlyozmalar boʻlimida saqlanayotgan Alisher Navoiy hayotlik davrida buyuk shoirning hirotlik taniqli xattot Sulton Ali Mashhadiy tomonidan koʻchirilgan “Birinchi devoni” qoʻlyozmasi va boshqa adabiyotlar toʻgʻrisidagi videolavha hamda oʻzbek tilini rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlar toʻgʻrisida hujjatli film namoyish etildi. Talabalar tomonidan oʻzbek va rus tillarida oʻqib berilgan Alisher Navoiy qalamiga mansub gʻazallar anjuman mehmonlarida katta taassurot qoldirdi.
Rossiya Fanlar akademiyasi Sharq qoʻlyozmalari instituti direktori Irina Popova Alisher Navoiyning 580-yilligi yubileyi xalqaro koʻlamda keng nishonlanayotganini taʼkidlar ekan, qiziqarli tarixiy voqeaga eʼtibor qaratdi. “Joriy yil sentyabr oyida institutimizda Leningrad qamali mavzusiga bagʻishlangan yirik xalqaro konferensiya oʻtkaziladi, - dedi u. - Ushbu tadbir doirasida Alisher Navoiyning 580-yilligiga bagʻishlangan ilmiy-amaliy anjuman ham tashkil etiladi. Gap shundaki, oʻsha mashʼum va murakkab qamal davrida, yaʼni 1941-yil 29-dekabr kuni institutda Navoiy tavalludining 500-yilligiga bagʻishlab navoiyxonlik kechasi oʻtkazilgan. Bu anjuman haqidagi maʼlumotlar, Alisher Navoiy qalamiga mansub qoʻlyozmalar va adabiyotlar institut muzeyida alohida eʼtibor bilan saqlanmoqda. Konferensiyada ana shu ulugʻ madaniy merosni keng ilmiy jamoatchilik eʼtiboriga havola etish niyatidamiz”.
Leningrad “Doʻstlar uyi” direktori Vladimir Mixaylenko u rahbarlik qilayotgan muassasada Leningrad viloyati va Sankt-Peterburg shahrida yagona boʻlgan interaktiv oʻzbek madaniyati muzeyi tashkil etilganini maʼlum qildi. Shuningdek, u Alisher Navoiyning hayoti va ijodi toʻgʻrisida kelajak avlodni kengroq tanishtirish maqsadida “Doʻstlar uyi” hududida Navoiy haykalini oʻrnatish taklifini bildirdi.
Tadbir ishtirokchilari hukmiga Oʻzbekiston Vazirlar Mahkamasi davlat tilini rivojlantirish departamenti koʻmagida mamlakatimiz Fanlar akademiyasining bir guruh olimlari tomonidan yaratilgan besh jildli “Oʻzbek tilining izohli lugʻati” ham havola etildi. Shuningdek, mazkur nashrni yaratish boʻyicha olib borilgan izlanishlar, oʻzbek tilining xalqaro maydonda tutgan oʻrni haqida maʼlumot berildi.