Amaliy safar davomida Sankt-Peterburg shahrida joylashgan o‘zbek vatandoshlari tomonidan ochilgan “Chinara” restoranida O‘zbekiston nufuzini yuksaltirish, o‘zbek xalqining milliy urf-odat va anʼanalari, mehmondo‘stligini namoyish etish, shuningdek, mamlakatimiz turizm salohiyatini keng targ‘ib etishga maqsadida o‘zbek xalq amaliy sanʼati namunalari ko‘rgazmasi tashkil qilindi.
Ko‘rgazmaning ochilish marosimida O‘zbekistonning Sankt-Peterburgdagi Bosh konsulxonasi, mahalliy hukumat maʼmuriyati aʼzolari, hududdagi o‘zbek diaspora tashkiloti faollari, vatandoshlar, chakana sotuvchilar va yakka tartibdagi tadbirkorlar hamda OAV vakillari ishtirok etdilar.
Sankt-Peterburg shahar tashqi aloqalar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari – tashqi iqtisodiy aloqalar boshqarmasi boshlig‘i Arbi Abubakarov o‘z nutqida mazkur tadbirda ishtirok etish imkoni yaratilgani uchun mamlakatimiz vakillariga minnatdorlik bildirdi. U Sankt-Peterburgda O‘zbekiston hunarmandlariga savdo uylari, shuningdek, milliy hunarmandchilik buyumlari do‘konlarini ochishda har tomonlama yordam ko‘rsatishga tayyor ekanligini taʼkidladi. Arbi Abubakarov, shuningdek, tarixi va ko‘p asrlik anʼanalari tufayli o‘zbek madaniyati shahar aholisi o‘rtasida juda mashhur ekanini maʼlum qildi.
Ko‘rgazma davomida Sankt-Peterburg va O‘zbekistonning “Hunarmand” uyushmasi o‘rtasida hamkorlik o‘rnatish tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi. Hozirgi bosqichda ishbilarmonlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, uyushma faoliyati to‘g‘risida maʼlumot olish, dunyoga mashhur o‘zbekistonlik hunarmandlar mahsulotlarining taqdimotlarini o‘tkazish zarurligi qayd etildi.
Yarmarka doirasida namoyish etilayotgan O‘zbekiston madaniyatini aks ettiruvchi milliy cholg‘u asboblari, musiqa va raqs, milliy liboslar, tasviriy sanʼat asarlari mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.