Sankt-Peterburgda Oʻzbekistonning ziyorat turizmi taqdimoti

    Turizm 10 Aprel 2021 816

    Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg shahrida Oʻzbekistonning ziyorat turizm salohiyatiga bagʻishlangan taqdimot hamda ikki tomon turoperatorlari oʻrtasida B2B uchrashuvlar boʻlib oʻtdi.

    Rossiya geografik jamiyati, Rossiyaning Madaniyat vazirligi tarixiy va diniy turizm boʻyicha mutaxassisi Vladimir Derbenyov soʻnggi yillarda Oʻzbekiston eng faol mamlakat boʻlganini eʼtirof etib, hamkorlik nuqtayi nazaridan Sankt Peterburg uchun muhim oʻrinlardan birini egallashini taʼkidladi.

    «Ikki tomon oʻ​rtasida turizmni, shu jumladan ziyorat turizmini rivojlantirish juda muhim, zero bu bizning maʼnaviy hayotimizning ajralmas qismidir. Shunday ekan, biz hamkorlikni yana-da mustahkamlash va aviareyslarni oshirish tarafdorimiz», - dedi V.Derbenyov. Shuningdek, u 1-apreldan eʼtiboran Toshkentdan Moskvaga reyslar ochilganini va bundan keyin Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi aviaqatnovlar soni oshishiga tilakdosh ekanini aytib oʻtdi.

    Oʻzbekiston delegatsiyasi shuningdek, muftiy, Sankt-Peterburg va Rossiyaning Shimoli-Gʻarbiy mintaqasi musulmonlari diniy idorasi raisi shayx Ravil hazrat Pancheyev bilan uchrashdi. Shuningdek, Ravil Pancheyev Mir Arab madrasasining 500-yilligi munosabati bilan oʻtkaziladigan tadbirga taklif etildi.

    tadbirda Oʻzbekiston tarixiy meʼmoriy yodgorliklarini saqlash va zamonaviy mehmonxona infratuzilmasini rivojlantirishga katta ahamiyat berilayotgani, viza rejimini liberallashtirish, chet el fuqarolarini roʻyxatdan oʻtkazish tartibini soddalashtirish, mamlakat turizm sanoatini rivojlantirish maqsadida imtiyoz va preferensiyalar berish boʻyicha ishlar olib borilayotgani taʼkidlandi.Oʻzbekiston va Sankt-Peterburg shaharlari oʻrtasida turizm sohasida hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Oʻzbekiston va Sankt-Peterburg turoperatorlari B2B formatida uchrashuvlar doirasida yangi turistik yoʻnalishlar va turmahsulotlar ishlab chiqish, oʻzaro manfaatlik hamkorlik aloqalarini kuchaytirishga kelishib oldilar.

    Peterburgda tadbir ishtirokchilari uchun gastronomik boyligimiz hisoblangan palov tayyorlanib, oʻzbekona dasturxon yozildi.

    Tadbir yigʻilganlarda katta taassurot qoldirdi va ular bu kabi targʻibot tadbirlarini tizimli ravishda oʻtkazish istagini bildirdi.

    Sankt-Peterburg shahriga tashrif buyurgan delegatsiya tarkibidan Oʻzbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi, Oʻzbekiston musulmonlar idorasi, Xalqaro islom akademiyasi, Oʻzbekiston oshpazlar uyushmasi vakillari oʻrin oldi, deb xabar beradi Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati.