Unga muvofiq, mamlakatning barcha tuman va shaharlarida sanoat korxonalari bilan ishlash boʻyicha “respublika - viloyat - tuman” tamoyili asosida vertikal tizim yoʻlga qoʻyiladi.
Hududlarda sanoat korxonalari bilan manzilli ishlash maqsadida:
- tuman va shaharlarda hokimning birinchi oʻrinbosari boshchiligida soliq va statistika organlari, banklar va iqtisodiy infratuzilma korxonalarining rahbarlarini oʻz ichiga oluvchi hududiy shtablar;
- iqtisodiyot va moliya vazirining oʻrinbosari rahbarligida hududiy shtablar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika shtabi tuziladi.
Bunda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, Toshkent shahar hokimlarining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosarlari hamda tuman va shahar hokimlari hududiy shtablar faoliyatini samarali tashkil etish, korxonalarning samaradorligini oshirish hamda ularning muammolarini tezkor hal etishga har tomonlama koʻmaklashish uchun shaxsan masʼul hisoblanadi.
Energetika vazirligi, Markaziy bank, Soliq va Bojxona qoʻmitalari, Statistika agentligi va boshqa respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan Respublika shtabi soʻroviga muvofiq, sanoat korxonalariga oid maʼlumotlar hududiy shtablarga taqdim etilishi taʼminlanadi.
Hududiy shtablar tomonidan har hafta sanoat korxonalari muammolarini hal etish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar holati yuzasidan maʼlumotlar Respublika shtabiga, Respublika shtabi tomonidan esa har oy hududlar kesimidagi maʼlumotlar va tizimli muammolarni hal etish boʻyicha takliflar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi.
2024-yil 1-sentyabrdan boshlab:
- Qoraqalpogʻiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmalari tarkibida Sanoatni rivojlantirish yigʻma boʻlimlari tashkil etiladi;
- tumanlar (shaharlar) iqtisodiyot va moliya boʻlimlarida sanoatni rivojlantirish boʻyicha bosh mutaxassis lavozimi joriy etiladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, Toshkent shahar, tuman va shaharlar hokimlarining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosarlari bir vaqtning oʻzida:
- Qoraqalpogʻiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vaziri, viloyatlar va Toshkent shahar iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmalari boshligʻi;
- tumanlar (shaharlar) iqtisodiyot va moliya boʻlimlari boshligʻi etib belgilanadi.