Unda investitsiyalar va tashqi savdo faoliyatini, sanoat rivojlanishini yana-da ragʻbatlantirish, texnik tartibga solish tizimini takomillashtirish, chet elga amalga oshirilgan oliy darajadagi tashriflar yakunlarida tasdiqlangan “Yoʻl xaritalari”ni amalga oshirish hamda masʼul rahbarlarning ijro intizomini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi masalalar koʻrib chiqildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Hududlarning sanoat salohiyatini oshirishga doir qoʻshimcha chora – tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq, Vazirlar Mahkamasi tarkibida yangi boʻlinma – Mahalliy sanoatni rivojlantirish va kooperatsiya aloqalari masalalari kotibiyati tashkil etilgani maʼlum qilindi. Ushbu kotibiyatning maqsadlari mavjud tabiiy va iqtisodiy resurslarni tahlil qilish, ichki va tarmoqlararo sohasidagi hamkorlikni kengaytirish va chuqurlashtirish, mahalliy sanoatni rivojlantirish, jumladan, oziq-ovqat, farmatsevtika, toʻqimachilik, ipakchilik, charm-poyabzal, zargarlik, kimyo, elektrotexnika tarmogʻi, shuningdek, hunarmandchilik va qurilish materiallari ishlab chiqarish, mahalliylashtirish darajasini oshirish, ichki va tashqi bozorda raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni taʼminlaydigan xususiy va xorijiy investitsiyalar va zamonaviy texnologiyalarni jalb etish uchun sharoitlar yaratishdir.
Yigʻilish davomida kotibiyatning samarali faoliyatini tashkil etish boʻyicha birinchi darajali chora-tadbirlar belgilab olindi va tegishli koʻrsatmalar berildi. Jumladan, vazirlik, idora va tarmoq birlashmalari rahbarlari tomonidan qisqa muddatlarda mavjud resurslardan foydalanish, ishlab chiqarilayotgan mahsulot hajmini koʻpaytirish va turlarini kengaytirish hamda eksportni oshirish boʻyicha aniq takliflarni qamrab olgan sanoat tarmoqlarini rivojlantirish strategiyalari ishlab chiqiladi.
Shu nuqtayi nazardan ishtirokchilar tomonidan texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish va sertifikatlashtirish sohasida hamda Oʻzbekiston Elektron kooperatsiya portali samaradorligini oshirish yoʻnalishida koʻrilayotgan chora-tadbirlar va dolzarb vazifalar muhokama qilindi.
Tarmoqlar va hududlar kesimida joriy yilning yanvar – may oylaridagi investitsiyaviy faoliyat yakunlari hamda joriy yilning dastlabki 9 va 12 oyi uchun kutilayotgan prognoz koʻrsatkichlari oʻrganildi. Xususan, shu yilning 5 oyi yakunlari boʻyicha jalb etilgan xorijiy investitsiyalar hajmi 4,4 milliard dollarni tashkil etdi, shundan 2,4 milliard dollari toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalardir. Joriy yilda barcha hududiy investitsiya dasturlarini amalga oshirish uchun 93 trillion soʻm ajratilishi rejalashtirilgan boʻlib, buning natijasida 9 771ta loyiha amalga oshiriladi va 209 mingga yaqin yangi ish oʻrni yaratiladi. Shu bilan birga, shu yilning yanvar – may oylarida 3 620 ta ishlab chiqarish obyekti ishga tushirilib, 43,6 mingta yangi ish oʻrni yaratilganligi qayd etildi. Tasdiqlangan loyihalarning oʻz vaqtida bajarilishi va ularning qisqa muddatlarda ishga tushirilishi ustidan nazoratni kuchaytirish, yuzaga kelayotgan masalalarni hal etishda amaliy yordam koʻrsatish maqsadida loyiha tashabbuskorlari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri aloqa oʻrnatish topshirildi.
Xuddi shunday tartibda joriy va prognozli eksport koʻrsatkichlari koʻrib chiqildi: joriy yilning 5 oyi yakunlariga koʻra, mamlakat eksportining umumiy hajmi 4,3 milliard dollarni tashkil etdi, bu esa oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 27 foizga oshdi. Qishloq xoʻjaligi mahsulotlari va tashqi bozorlarda xaridorgir boʻlgan boshqa yuqori qoʻshilgan qiymatga ega mahsulotlarni eksportga yetkazib berish hajmlarini oshirish vazifasi qoʻyildi hamda mutasaddi rahbarlarga ushbu yoʻnalishda aniq takliflar ishlab chiqish topshirildi.
Uchrashuvda yuqori darajadagi tashriflar yakunlari boʻyicha imzolangan “Yoʻl xaritalari”ning amalga oshirilishi, shuningdek, Turkiya, Rossiya, Hindiston, Belarus va boshqa davlatlar hamkorlari bilan qoʻshma loyiha va bitimlarni joriy etilishining hozirgi holati muhokama qilindi. Investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi va tashqi savdoni monitoring qilish inspeksiyasiga qisqa muddatlarda xorijiy mamlakatlar bilan barcha amaliy chora-tadbirlar rejalarining inventarizatsiyasini oʻtkazish, muammoli masalalarni tahlil qilish hamda loyihalar va bitimlar oʻz muddatida bajarilmasligiga yoʻl qoʻygan masʼul rahbarlarga nisbatan intizomiy chora-tadbirlar qoʻllanilishi haqida takliflar kiritish topshirilganligi maʼlum qilindi.
Kompleksga kiruvchi vazirlik, idora, tijorat banklari va mahalliy hokimliklar rahbarlarining ijro intizomini mustahkamlash masalalari alohida tartibda muhokama etildi. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmon va qarorlarida, shuningdek, davlat rahbarining viloyatlarga tashriflari yakunlarida tuzilgan bayonnomalarda qayd etilgan vazifalarning oʻz vaqtida bajarilishini taʼminlash topshirildi.
Yigʻilish yakunida mutasaddi rahbarlarga koʻrib chiqilgan navbatdagi tadbirlar yoʻnalishlari doirasida qoʻshimcha koʻrsatmalar berildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.