Portugaliya futbol federatsiyasi mamlakat terma jamoasi bosh murabbiyi Fernandu Santush bilan hamkorlikni toʻxtatdi. 68 yoshli mutaxassis 2014-yilning sentyabridan buyon jamoa bilan ishlab kelayotgandi.

Santush boshchiligida Portugaliya Yevro-2016 va Millatlar Ligasi-2019 musobaqalarida gʻolib chiqdi. Shu kunlarda Qatarda oʻtayotgan JCH-2022da esa portugallar 1/4 finalda Marokashga 0:1 hisobida yutqazib qoʻydi.

Futbol muxlislari va mutaxassislari uning oʻrnini egallashi mumkin boʻlgan nomzodlarni taxmin qilmoqda. Ular orasida Ruy Vitoriya, Jorje Jezush, Ruy Jorje, Paulu Bentu, Karlush Keyrush, Paulu Souza va Joze Mourinyo bor.

Record nashri xabariga koʻra, Fernandu Santush oʻrniga Joze Mourinyo asosiy nomzod hisoblanadi. PFF rahbariyati bu masalada allaqachon Mourinyo bilan aloqaga chiqqan. Ular Jozening “Roma” va milliy jamoadagi ishini birga olib borishiga qarshi emas.

Xabarda aytilishicha, PFF “Roma” rahbariyati bilan kelishuvga erishsa, Mourinyo 2023-yilning yozida Rimni tark etib, milliy jamoa ustoziga aylanishi mumkin. Unga 2026-yilga qadar shartnoma taklif qilingan.