Saratonda soyabon oromgohlar

    Shu kecha-kunduzda Termiz shahridagi “Amudaryo” bolalar oromgohida hordiq chiqarayotgan 194 nafar oʻgʻil-qizning 30 nafardan ortigʻi kam taʼminlangan va kambagʻal oilalarning farzandlari.

    Surxondaryo viloyati kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasidan olingan maʼlumotga koʻra, ayni paytda vohaning Uzun, Sariosiyo, Oltinsoy, Sherobod tumanlari hamda Termiz shahrida “Sardor Parvin”, “Xonjiza”, “Mirob”, “Vaxshivor”, “Neftchi”, “Beshbuloq Surxon Sherobod”, Xolmuhammad Qulniyozov nomidagi, “Vandob oltin bulogʻi”, “Amudaryo” kabi toʻqqizta bolalar oromgohi faoliyat koʻrsatyapti.

    Birinchi bosqichda ularda 1 ming 674 nafar oʻgʻil-qiz karantin talablariga amal qilgan holda hordiq chiqaryapti. Oromgohlar avgust oyining oʻrtalarigacha faoliyatini davom ettiradi. Statsionar turdagi bu oromgohlarda besh bosqichda 6 ming 200 nafar oʻgʻil-qizni dam oldirish rejalashtirilgan.

    Bolalarning yozgi dam olishini tashkil etish va sogʻlomlashtirish boʻyicha viloyatda tashkil qilingan muvofiqlashtiruvchi kengash aʼzolari homiy tashkilotlar, bolalar oromgohlari rahbarlari hamda mutasaddilar bilan hamkorlikda togʻli hududlardagi oromgohlarga eltadigan yoʻllarni taʼmirlash, oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berish, togʻ yoʻllarida bolalarning xavfsizligini taʼminlash, oromgohlarni tartibga keltirish va mavsumga shaylashga alohida eʼtibor qaratdi.

    Har bir oromgoh bolalar soniga qarab qadoqlangan suv, antiseptik vositalar, tibbiyot buyumlari va dori-darmon bilan taʼminlangan. Oromgohlarga yoʻllanma toʻlovining asosiy qismi kasaba uyushmalari va ota-onalar ishlab turgan korxona, tashkilot, muassasa mablagʻi hisobidan qoplanmoqda. “Temir daftar”, “Ayollar daftari”ga kiritilgan oilalarning farzandlari oromgohlarda dam olishi uchun beriladigan yoʻllanmalar toʻlovi homiy tashkilotlar zimmasida.

    Maʼlumotlarga koʻra, shu kecha-kunduzda Termiz shahridagi “Amudaryo” bolalar oromgohida hordiq chiqarayotgan 194 nafar oʻgʻil-qizning 30 nafardan ortigʻi kam taʼminlangan va kambagʻal oilalarning farzandlari.

    Uzun tumanidagi Xolmuhammad Qulniyozov nomidagi oromgoh ham bolalarga namunali xizmat koʻrsatyapti. Atrofi azim chinorlar bilan oʻralgan maskanga qadam qoʻyishingiz bilan ozodalikni koʻrib, bahri dilingiz ochiladi. Kirish joyida bir zum toʻxtab, pannolarda yozilgan hikmatlarni oʻqishga oʻzingizda majburiyat his etasiz. Hovliga kirishingizdanoq anvoyi gullar diqqatingizni tortsa, buyuk siymolarning suratlari va hikmatlari qiziqishingizni yana ham oshiradi. Bolalarning shoʻx-shodon qiyqirigʻi begʻubor onlaringizni esga solgandek boʻladi.

    Bolalar dam olish oromgohi direktori, tajribali pedagog Hikmatulla Shoymardonov bu mavsum oromgoh hududida bajarilgan ishlar bilan tanishtiradi. Direktorning aytishicha, oromgoh chodirlari har mavsum jamoa koʻmagi bilan joriy taʼmirlanadi. Bu mavsum ham Uzun tumani xalq taʼlimi boʻlimi homiyligida oromgohning pavilyon va yotoq boʻlmalari sifatli taʼmirlandi. Zarur ashyolar yangilandi.

    — Ushbu mavsum bolalar besh bosqichda dam olishini rejalashtirganmiz, — deydi Hikmatulla Shoymardonov. — Birinchi bosqichda Sariosiyo, Uzun, Denov tumanlari hamda Termiz shahridan kelgan 140 nafar oʻgʻil-qiz hordiq chiqaryapti.

    Oromgohda har bir tadbir oldindan ishlab chiqilgan reja asosida oʻtkazilmoqda. Turli tadbirlar va koʻngilochar oʻyinlar Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbusga asosan tayyorlanib, yoshlarni madaniyat, sanʼat, jismoniy tarbiyaga keng jalb qilish, oʻgʻil-qizlar maʼnaviyatini oshirish, boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazish hamda kitobxonlikni targʻib etishga alohida eʼtibor qaratilayotir.

    Tuman xalq taʼlimi boʻlimi huzuridagi bolalar va oʻsmirlar sport maktabi tomonidan ajratilgan koptoklar va boshqa sport jihozlari bellashuvlarning qiziqarli oʻtishida asqatyapti. Sport maydonchalarida ertalabki badantarbiya mashqlari, voleybol, basketbol, futbol, stol tennisi, yugurish musobaqalari oʻtkazilyapti. Kun davomida “Quvnoq bekatlar”, “Insholar tanlovi”, “Eng mohir kitobxon”, “Asfaltga rasm chizish” tanlovlari, “Dunyo manzarasi”, “Jonli shaxmat”, “Jumanji” kabi bellashuv hamda interaktiv oʻyinlar tashkil qilinmoqda.

    — Oʻtgan yili pandemiya tufayli oromgohlarda miriqib dam olish imkoni boʻlmadi. Togʻlar bagʻrida, sharqirab oqayotgan soylar atrofida va soya-salqin maskanlarda joylashgan oromgohlarda tengdoshlarim bilan oʻynashni juda sogʻindim, — deydi Denov tumanidagi 36-maktab oʻquvchisi Behroʻz Saidov. — Oʻrtoqlarim bilan maza qilib hordiq chiqaryapmiz. Oromgohda qoʻshni tumanlardan kelgan bolalar bilan doʻstlashdik.

    Dengiz sathidan 1200 metr balandlikda joylashgan, Sariosiyo tumanidagi atrofi baland daraxtlar bilan oʻralgan “Xonjiza” bolalar oromgohi birinchi mavsumda 253 nafar oʻgʻil-qizni oʻz bagʻriga oldi. Bu maskanda besh bosqichda Surxondaryo viloyatining barcha tumanlaridan 750 nafar bolaning yozni maroqli oʻtkazishiga koʻmaklashish rejalashtirilgan. Oromgoh xodimlari bolalarni Xonjiza hududi boʻylab sayr qildirib, ularning ekoturizmga qiziqishini oshirishni ham unutmayapti.

    Usmonali NORMATOV,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri