Mutaxassislar ta’kidlashicha, amivantamab (amivantamab) deb nomlangan preparat ayrim bemorlarda o‘smalarning to‘liq yo‘qolishiga olib kelgan, deb yozadi theguardian.com.

11 mamlakatda o‘tkazilgan xalqaro tadqiqotda saraton kasalligi qayta avj olgan yoki boshqa davolash usullari samara bermagan bemorlar ishtirok etgan. Sinov doirasida bosh va bo‘yin sohasi saratoni bilan og‘rigan 102 nafar bemorga mazkur preparat qo‘llangan.

Natijalarga ko‘ra, bemorlarning 43 nafarida o‘smalar qisqargan yoki butunlay yo‘qolgan. Jumladan, 28 nafar bemorda o‘sma sezilarli darajada kichraygan bo‘lsa, 15 nafarda shifokorlar o‘smaning to‘liq yo‘qolganini qayd etgan.

Londondagi Saraton tadqiqotlari instituti professori Kevin Harrington bu natijalarni “misli ko‘rilmagan darajada kuchli javob” deb baholadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tadqiqotda ishtirok etgan bemorlar avval kimyoterapiya va immunoterapiyaga javob bermagan og‘ir toifaga mansub bo‘lgan.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, amivantamab bir vaqtning o‘zida uch yo‘nalishda ta’sir ko‘rsatadi. U o‘sma o‘sishida muhim o‘rin tutadigan EGFR oqsilini bloklaydi, saraton hujayralarining davolashdan qochishiga yordam beradigan MET mexanizmini to‘xtatadi hamda immun tizimini faollashtirib, o‘smaga qarshi kurashishga yordam beradi.

Yangi preparatning yana bir afzalligi shundaki, u ko‘plab saraton dorilari kabi tomir orqali emas, balki teri ostiga qilinadigan kichik ukol ko‘rinishida qo‘llanadi. Bu esa davolash jarayonini ancha qulaylashtiradi.

Tadqiqotda ishtirok etgan bemorlardan biri — 56 yoshli Karl Uolsh til saratoni tashxisi qo‘yilganidan keyin mazkur dasturga jalb qilingan. Uning aytishicha, ikki davolash tsiklidan so‘ng ahvoli yaxshilanib, ovqatlanishi va nutqi deyarli to‘liq tiklangan.

Olimlar mazkur preparat o‘pka saratonida ham ijobiy natijalar ko‘rsatayotganini ma’lum qildi. Hozirda amivantamab bo‘yicha dunyo bo‘ylab qariyb 60 ta klinik tadqiqot davom etmoqda. Ular orasida o‘pka, ichak, miya va oshqozon saratoniga qarshi qo‘llash imkoniyatlari ham o‘rganilmoqda.

Tadqiqot natijalari AQShda bo‘lib o‘tayotgan Amerika klinik onkologiya jamiyatining (ASCO) yillik anjumanida taqdim etiladi.