Saratonni davolashning yangi yoʻli topildi

    Shvetsiyalik olimlar saraton hujayralarini qayta dasturlash usulini ishlab chiqdi. Shu asnoda xavfli hujayralarni onkologik oʻsmalar atrofidagi himoya toʻsigʻini buzishga qodir boʻlgan cDC1 turiga mansub maxsus immun hujayralariga aylantirish usuli kashf qilindi.

    Tadqiqotchilar organizmdagi kasallik oʻchogʻiga PU.1, IRF8 va BATF3 deb nomlangan uchta oqsilni yetkazishda adenoviruslardan foydalandi.

    Shu asnoda qayta dasturlashtirilgan hujayralar zararli xususiyatlarini yoʻqotish barobarida, immunitet tizimidagi T-limfotsitlarni faollashtirish orqali oʻsimta bilan jadal kurasha boshladi.

    Maʼlumki, saratonning koʻplab turlari immun tizimi ishlashiga xalaqit beruvchi himoya mexanizmlarini hosil qilish xususiyatiga ega. Shved olimlari taklif etayotgan usul ana shu toʻsiqlarni ichkaridan bartaraf etib, oʻsimta hujayralarini oʻz-oʻzini yoʻq qilish quroliga aylantiradi.

    Mazkur davolash texnologiyasi mavjud immunoterapiya muolajalari bilan birgalikda yuqori samara berishi aytilmoqda.

    Qayta dasturlashtirilgan hujayralar sichqonlar organizmiga kiritilgach, kemiruvchilarda oʻsimta rivojlanishi jarayoni sezilarli darajada sekinlashgani kuzatildi.

    Yangi usul immunoterapiya bilan birga qoʻllanilgach, oʻsimta oʻsishini butunlay toʻxtatishga erishildi. Oʻz navbatida, tajriba hayvonlarida neoplazmalarning qaytalanishiga qarshi uzoq muddatli immunitet hosil boʻldi.

    Inson hujayralarida oʻtkazilgan tajribalar ham yangi davolash texnologiyasining samaradorligini tasdiqladi. Endi bu xulosa klinik sinovlarda ham oʻz tasdigʻini topishi kerak. Mazkur tadqiqot natijalari AQSHning “Science” ilmiy jurnalida chop etildi.