"To‘g‘ri, vazn kamayishi va qon tarkibida qand miqdori oshishi bu dardga xos belgilardir. Ammo organizmdagi ushbu o‘zgarishlar qachon va qanday sodir bo‘lishi nomaʼlum. Agar shifokorlar bu borada aniq maʼlumotga ega bo‘lsa, kasallikni erta tashxislash imkoniyati oshishi, shubhasiz", deya yozmoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati.
Mazkur ehtiyoj Buyuk Britaniya olimlari izlanishlari uchun sabab bo‘ldi. Ular yuqoridagi alomatlar bemorlarda qachon rivojlanishini o‘rgandi.
Buning uchun oshqozon osti bezi saratoniga chalingan 9 ming nafarga yaqin kishining tibbiy maʼlumotlari (turli davrlardagi tana vazni indeksi, qondagi qand miqdori) 35 ming nafar sog‘lom insonlar ko‘rsatkichlari bilan solishtirildi.
Yakunda ushbu xavfli dardga yo‘liqqan odamlarda keskin vazn yo‘qotish holati kasallik tashxisi qo‘yilishidan ikki yil avval boshlangani maʼlum bo‘ldi. Yaʼni ularda tana vazn indeksi sog‘lom kishilarga nisbatan deyarli uch birlik pastligi qayd etildi.
Shuningdek, oshqozon osti bezi saratoniga chalinganlar qonida qand miqdori ortishi xastalik aniqlanishidan uch yil oldin boshlangani kuzatildi.
Olimlarning yakuniy xulosasiga ko‘ra, qandli diabetdan aziyat chekayotgan bemorlarda ushbu o‘sma kasalligi rivojlanish xavfi yuqori.