Sardoba fojiasi yuz bergan mahallari sardobaliklar koʻngliga qil sigʻmas edi. Bugun esa odamlar kayfiyati boshqacha. Tumangga kiraverishda qayta ekilgan paxta maydonlari ham bundan 3 oy oldin ayanchli va tasavvurga sigʻmas holatda edi. Bugun bu yerlar yana mehnatkash xalqimiz qoʻllari bilan qaytadan bunyod boʻldi. Shu kunga qadar jami 72710 nafar (81,3 foiz) aholi oʻz xonadonlarida qaytdi. Qolgan 16740 nafar aholi koʻchirilgan hududlarda yashayapti.
Hozirda buyuk alloma Muhammad Al-Xorazmiy nomi bilan yangitdan bunyod boʻlgan Qoʻrgʻontepa mahallasida qurilish ishlari yakunlanmoqda. Bu yerlarda yangi hayot, yangi umid va yangi orzular boʻy choʻza boshladi.
— Mahallamizdagi mavjud 350 ta xonadon Xorazm va Navoiy viloyati jonkuyari tomonidan taʼmirlab berildi, — deydi Qoʻrgʻontepa mahalla raisi. — Ularga minnatdorchilik bildirgan holda oʻz mahallamiz nomini Muhammad Al-Xorazmiy nomi bilan atadik. Koʻchalarimizning biriga Navoiy nomini berdik. Odamlarimiz minnatdor.
— 2 hafta boʻldi oʻz uyimizga qaytdik, — deydi mahallaning Navoiy koʻchasida yashovchi Hamidulla Umarov. — Sharoitlar juda yaxshi, oilam sogʻ omon, davlatimiz biz bilan, bu kunlarni yengib oʻtmoqdamiz. 4 nafar farzandim bor. Oʻz uyimizga qaytgunga qadar qarindoshimizning uyida yashadik. Oʻzim har kuni quruvchilarga qoʻshilib ishlardim, eng hayratlanarlisi oʻz uyimni taʼmirlashga bergan yordamim uchun menga oyiga 2 million soʻmdan ish haqi toʻlab turildi.
Haqiqatdan ham mahallani kezar ekanmiz, ulkan ishlar qisqa vaqt ichida qilinganining guvohi boʻldik.
— Oʻz uyimizga qaytish, yangidan tugʻilishdek boʻldi, — deydi Navoiy koʻchasining yana bir fuqarosi Xolbuvi Xolmatova. — Oilada 6 kishimiz, davlatimiz tomonidan berilgan 40 million soʻmlik sertifikat va maishiy texnikalar jamlanmasini toʻliq oldik. Yoʻqotishlar koʻp boʻldi, ammo topganlarimiz ham, bizga davlatimiz tomonidan berilgani ham bundan kam boʻlayotgani yoʻq. Yurtboshimizga, barcha xalqimizga rahmat aytaman.
Gulchiroy ISOQOVA