Sardor Umurzoqov “Markaziy Osiyo – Rossiya” 5-Vazirlar uchrashuvida ishtirok etdi

    Xalqaro hamkorlik 23 Aprel 2022 859

    Joriy yilning 22-aprel kuni videokonferensiya tarzida “Markaziy Osiyo – Rossiya” 5-Vazirlar yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Tadbirda Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkmaniston, Tojikiston va Rossiya hukumatlari vakillari ishtirok etdi. Oʻzbekiston Respublikasi nomidan videokonferensiyada Bosh vazirining oʻrinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqov qatnashdi.

    Uchrashuv kun tartibiga mintaqa davlatlari va Rossiya oʻrtasidagi koʻp tomonlama hamkorlikka oid, jumladan, Markaziy Osiyoda barqarorlikni saqlash, terroristik va ekstremistik tahdidlarga qarshi kurashish, islohotlarni amalga oshirish va barqaror rivojlanishni ragʻbatlantirish, jadal iqtisodiy oʻsish va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, eksport salohiyatini yuksaltirish, hududlararo turizmni rivojlantirish, kiber- va biologik xavfsizlik, shuningdek mintaqa davlatlari oʻrtasida sanoat kooperatsiyasini yoʻlga qoʻyish kabi masalalar kirdi.

    Ishtirokchi mamlakatlar vakillari oʻz chiqishlarida yuqoridagi yoʻnalishlarning har biri boʻyicha ikki va koʻp tomonlama hamkorlikning bugungi holatini, amaldagi munosabatlarning ustuvor yoʻnalishlarini, shuningdek, yaqin va oʻrta muddatli istiqbolda uni kengaytirish istiqbollarini bayon qildilar.

    S.Umurzoqovning nutqi islohotlarni qoʻllab-quvvatlash va mintaqaning barqaror rivojlanishini mustahkamlash borasida hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbollariga bagʻishlandi.

    Platformaga aʼzo mamlakatlar oʻrtasidagi hamkorlikning eng muhim yoʻnalishlari belgilab olindi. Ular qatoriga savdo-iqtisodiy aloqalarni faol ragʻbatlantirish hamda talabga ega mahsulotlarni oʻzaro yetkazib berishni kengaytirish va diversifikatsiya qilish, “yashil yoʻlaklar” va logistika imkoniyatlarini rivojlantirish orqali oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash ham kiradi.

    Shuningdek, Oʻzbekiston tomoni texnologik salohiyatni rivojlantirish, platformaga aʼzo mamlakatlarning qoʻshma investitsiya imkoniyatlarini birlashtirish va safarbar etish boʻyicha birgalikdagi saʼy-harakatlarni kuchaytirishga chaqirdi.

    Koviddan keyingi tiklanishni tezlashtirish, mintaqa mamlakatlari va Rossiya oʻrtasida sayyohlik, biznes va yuk almashinuvini faollashtirish zarur boʻlgan bir sharoitda tovarlar va yoʻlovchilar oqimidagi toʻsiqlarni bartaraf etish boʻyicha muvofiqlashtirilgan hamkorlikning muhimligi qayd etildi.

    Shuningdek, S.Umurzoqov oʻz nutqida ikki tomonlama hamda mintaqaviy va xalqaro tuzilmalar doirasida sanoat kooperatsiyasi va texnologik almashinuv, energetika, taʼlim, sogʻliqni saqlash, fan va axborot texnologiyalari, mintaqaviy xavfsizlik sohasidagi hamkorlikning aniq yoʻnalishlarini sanab oʻtdi.

    Nutqda afgʻon muammosiga alohida oʻrin berildi. Oʻzbekistonning Afgʻonistonga dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal qilish, aholi xavfsizligi va mamlakatda barqarorlikni taʼminlashda amaliy koʻmak berishda davom etishga sodiqligi taʼkidlandi. Oʻzbekiston afgʻon xalqiga samarali gumanitar yordam koʻrsatishda, elektr energiyasi taʼminoti boʻyicha amaldagi shartnomalarni bajarishda, afgʻon talabalari va mutaxassislariga mamlakat taʼlim muassasalarida oʻqitish xizmatlarini koʻrsatishda, shuningdek ilgari kelishilgan qoʻshma infratuzilmaviy loyihalarni ilgari surishda davom etadi.

    Kun tartibidagi masalalar har tomonlama muhokama qilinib, ular borasida oʻzaro samarali fikr almashilgani ishtirokchilarga oʻzaro manfaatlar kesishuvi nuqtalarini belgilash va hamkorlikning turli jihatlari boʻyicha mushtarak pozitsiyalarni ishlab chiqish imkonini berdi. Tadbir yakunlari boʻyicha oʻzaro manfaatli sheriklikni kengaytirish va barcha uchun muhim boʻlgan vazifalarni hal qilish maqsadida koʻp tomonlama muloqotni davom ettirishga tayyorlik bildirildi.