Sud hukmida keltirilishicha, 40 yoshli A.Q. 2020-yil may oyidan qamoqqa olingan kuni – 2025-yil 22-sentyabr kuniga qadar Sariosiyo tumani hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari lavozimida ishlab kelgan.
U 2025-yil 5-fevral kuni oʻz xizmat xonasida tanishlari G.S. va S.D.ni qabul qilgan. Hokim oʻrinbosari suhbat jarayonida S.D.ga uni tuman maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlim rahbariga topshiriq berish orqali bogʻchaga ishga kiritib qoʻyishni vaʼda bergan. Buning uchun xizmat xonasida tanishi S.G. vositachiligida 500 dollar olib, pulni oʻz ehtiyojlariga sarflab yuborgan.
A.Q. sudda aybiga qisman iqror boʻlgan va pulni qarz sifatida olganini, keyinchalik bu pulni oila aʼzolari orqali qaytarib berganini bildirgan.
«S.D. qarzga 500 dollar pul olib kelib bergan. Unga pul evaziga ishga kiritishni vaʼda qilmaganman. S.D. turmush oʻrtogʻimning uzoq qarindoshi boʻladi. Oʻgʻlim avtohalokatga uchragani, mashinani taʼmirlash uchun pul kerak boʻlib qolgani uchun S.D.dan qarzga 500 dollar soʻraganman. U mendan Yangi hayot mahallasiga ishga kirish masalasini soʻragan. “Kirsang boʻladi, joy boʻshaydi, bogʻcha mudirasi «dekret”ga chiqyapti», deya tavsiya berganman», degan hokim oʻrinbosari suddagi koʻrsatmasida.
Guvohlar S.D. va G.S. sudda tergovdagi koʻrsatmasini oʻzgartirib, pulni hokim oʻrinbosariga qarz sifatida berishganini, A.Q. ishi boʻyicha ulardan noqonuniy ravishda ariza, koʻrsatuvlar olishganini, tergov organiga bergan koʻrsatuvlarini hozirda rad qilishlarini bildirishgan. Biroq sud ularning sudda bergan koʻrsatuvlarini javobgarlikdan qutulish uchun bildirilgan vajlar deya baholagan.
JIB Sariosiyo tuman sudining hukmi bilan A.Q. Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi va 28,211-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga 2-yil 1 oy davlat hokimiyati tizimida mansabdor va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 3-yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Hokim oʻrinbosarining yaqin qarindoshlaridan qaytarib olingan 500 dollar pulni S.D.dan davlat daromadiga undirish belgilangan.








