3-mart kuni Vazirlar Mahkamasi Madaniy meros inspeksiyasi, Bosh prokuratura, Madaniy meros agentligi, Termiz arxeologiya muzeyi, Oʻzbekiston davlat sanʼat muzeyi vakillari tomonidan mahalliy aholidan 512 dona mis tangalar belgilangan tartibda olinib, Termiz shahridagi Arxeologiya muzeyi fondiga topshirilgan.
Shuningdek, 9-mart kuni Surxondaryo viloyat hokimligi, viloyat prokuraturasi va viloyat ichki ishlar xodimlari tashabbusi bilan oʻtkazilgan oʻrganish davomida qoʻshimcha ravishda 620 dona mis tanga va 1 dona shaxmat donasi mahalliy aholidan tegishli tartibda olinib, Termiz arxeologiya muzeyi fondiga topshirilishi taʼminlandi.
Hozirda Termiz arxeologiya muzeyi tomonidan keng koʻlamli arxeologik qidiruv-tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
Termiz arxeologiya muzeyi maxsus ekspeditsiyasi joriy yilning 9-mart sanasidan eʼtiboran hududda arxeologik qidiruv-tekshiruv va qazishma ishlarini olib borishmoqda. Dastlabki kun noqulay ob-havo sharoiti tufayli ekspeditsiya 4 dona tanga topishga muvaffaq boʻlishdi. Bugun, 10-mart kuni esa oʻnlab Mirzo Ulugʻbek zarb ettirgan mis tangalar topildi.
Arxeologik olimlarning dastlabki xulosasiga koʻra, ushbu ashyolar Mirzo Ulugʻbek hukmronligi davrida zarb etilgan pul tangalarining shu kunga qadar topilgan eng katta va yaxshi saqlangan madaniy meros xazinasi hisoblanadi.