G‘arbiy Afrikaning Nigeriya davlatida sariq bezgak epidemiyasi ortidan vafot etganlar soni kundan-kun ortib bormoqda.

Bauchi shtati sog‘liqni saqlash departamenti matbuot xizmatining ma'lum qilishicha, yana sakkiz kishi sariq bezgak qurboniga aylangan.

Yuqumli kasallik Nigeriya shimoli-sharqidagi Ganjuva mintaqasida qayd etilgan. 

Chivin bilan yuqadigan virus tufayli yuzaga keladigan sariq bezgakdan o‘lish holati  — 10-40 foizni tashkil qiladi. Bu favqulotda xavfli virusli kasallik bo‘lib, uning oqibatida ichki organlar – buyrak, jigar, taloq, iliklar shikastlanishi yuzaga keladi,  har xil organlarda va mushaklarda  qon quyilishi, qon ketishi  sodir bo‘ladi. 

Kasallik yuqori tana harorati, tish milklaridan qon ketishi, qusish, burundan qon ketishi,  jigar va taloqning og‘riq bilan kattalashishi fonida juda og‘ir kechadi.

Epidemiyaga davo topilmagan, biroq 1937 yili vaksina ishlab chiqilgan. Bugungi kunda emlash kasallikning yagona profiliaktik chorasi hisoblanadi.